«Aston Villa» bosh murabbiyi Unai Emeri Angliya chempionati doirasida «Tottenxem»ga qarshi kechgan bahsda shogirdlarining mag‘lubiyati haqqoniy bo‘lganini tan oldi. 35-tur o‘yini 1:2 hisobida yakunlandi.
«Bugun biz fantastik tarzda o‘yin ko‘rsatgan va ajoyib kurashgan jamoaga duch keldik. Ularga ochkolar kerak edi va ular buning uchun jang qilishdi. Birinchi bo‘limda yaxshi o‘ynay olmadik, ikkinchi bo‘limda vaziyatni o‘zgartirishga harakat qildik, ammo bu yetarli bo‘lmadi», — deya Emerining so‘zlarini keltirmoqda BBC.
«35 ta o‘yindan so‘ng ishlarimiz yomon emas, bizda birinchi beshlikda qolish uchun imkoniyat bor, lekin o‘zimizga nisbatan talabchan bo‘lishda davom etishimiz kerak. Ehtimol, hozirgi ochkolarimiz [CHempionlar ligasiga yo‘llanma olish uchun] yetarli emasdir. Avvalgi sport formamizni tiklashimiz va o‘z ishimizni qilishimiz shart. Oldinda yana 3 ta o‘yin bor.
«Tottenxem» fantastik o‘ynadi, ularning futbolchilari pressing qilishdi va yakkakurashlarda g‘olib chiqishdi. Birinchi bo‘limda raqib ustunlik qildi, biz ko‘prog‘iga loyiq emasdik. Mag‘lubiyatga rozi bo‘lishga majburmiz. Tarkibdagi yettita o‘zgarish? O‘tgan hafta «Fulxem»ga yutqazgandik, o‘shanda kimlar o‘ynagan edi? Bugun esa boshqa tarkib bilan mag‘lub bo‘ldik», — deya ta’kidladi mutaxassis.
Ayni damda «Aston Villa» 58 ochko bilan beshinchi o‘rinda bormoqda. «Tottenxem» esa 37 ochko bilan 17-o‘rinni egallab turibdi.