Tennis bo‘yicha ayollar o‘rtasida mavsumning eng so‘nggi “Katta dubulg‘a” turniri — US Open yakunlandi. Finalda Qozog‘iston vakili Yelena Ribakina belaruslik Arina Sabalenkani mag‘lub etib, faoliyatida ilk bor AQSH ochiq chempionatida g‘olibiga aylandi.
Uchrashuv 6:4, 5:7, 6:2 hisobida Ribakinaning g‘alabasi bilan yakunlandi. Turnirda Sabalenka 1-raqamli, Ribakina esa 2-raqamli tennischi sifatida saralangan edi.
Bu Ribakina uchun “Katta dubulg‘a” turkumidagi uchinchi chempionlik bo‘ldi. U avval 2022 yilda “Uimbldon” va 2026 yilda Australian Open turnirlarida g‘olib chiqqan.
Bunga qadar Arina Sabalenka va Yelena Ribakina “Katta dubulg‘a” turnirlarida uch marta to‘qnash kelgan. Sabalenka 2021 yilgi “Uimbldon” (1/8 final) va 2023 yilgi Avstraliya ochiq chempionatida (final) g‘alaba qozongan. 2026 yilgi Australian Open finalida esa Ribakina Sabalenkani mag‘lub etgan.
Ma’lumot o‘rnida, Sabalenka 28 yoshda, u 2024 yilning oktyabr oyidan buyon WTA reytingida birinchi o‘rinni egallab turgan edi. US Open yakunlariga ko‘ra, Ribakina peshqadamlikni qo‘lga oladi. Belaruslik sportchi 23 ta turnirda g‘alaba qozongan. U to‘rtta “Katta dubulg‘a” turnirlarida — ikki martadan Avstraliya ochiq chempionati (2023, 2024) va AQSH ochiq chempionatida (2024, 2025) zafar quchgan.
Yelena Ribakina 27 yoshda. Qozog‘istonlik tennischi Ayollar tennis assosiasiyasi (WTA) turnirlarining yakkalik bahslarida jami 9 ta titulni qo‘lga kiritgan. Ribakina bunga qadar 2 marta “Katta dubulg‘a” turnirida — “Uimbldon” (2022) hamda Avstraliya ochiq chempionatida (2026) bosh sovringa ega chiqqan. U yakkalik bahslarida 2020 yilgi Tokio Olimpiadasida 4-o‘rinni egallagan.