Yakuniga yetgan yilda aql bovar qilmas takliflar va ularga rad javobini bergan futbolchilar haqida ko‘p gapirildi. Soccer.ru bu boradagi ma’lumotlarni jamlab, Messi, Zlatan va boshqa yulduzlarning nima sababdan yirik mamlakatga rad javobi berishganini tushuntirishga qaror qildi.
Zlatan Ibragimovich («MYU»)
Taklif: Yiliga 100 mln. yevro (summada 300 mln. yevro)
Shu yil bahorida Rayola juda g‘azablandi, vaholanki, hech nima qilolmasligini yaxshi tushunib turardi va «Manchester Yunayted»ning Zlatan uchun beradigan pullariga qanoat hosil qilishi lozim. Axir yozda Pogbani mo‘maygina mablag‘ga sotgan agent Ibragimovich kelishuviga daxl o‘tkazish huquqiga ega emasdi. Shvedga esa dastlab yillik maoshi 76 million yevrolik taklif ma’qul tushmagandi, chunki Mourinyo yaqinda bu borada aniq fikr bildirdi: «Zlatan Angliyaga dam olish uchun emas, o‘ynash uchun kelgan». Mahoratli hujumchi so‘nggi 7 bahsda 8ta gol urib, aslida ham shunday ekanligini isbotladi. Shunga qaramay, kelajakda Ibragimovichning pul uchun safarga otlanishi ehtimoli yo‘q emas. Ayniqsa, gap 143 million yevro haqida boradigan bo‘lsa. To‘g‘ri, Rayola ommaviy tarzda ushbu summa maksimum 100 million ekanini ta’kidlagandi.
Lionel Messi («Barselona»)
Taklif: Yiliga 100 mln. yevro (summada 500 mln. yevro)
Messi Xitoyda Lavessi sherikligida «Xebey Chayna Forchun»da o‘ynash uchun juda mag‘rur va yosh hisoblanadi. Boz ustiga, «Barselona» Leo bilan kelishuvni uzaytirmoqchi: hammasi klub va afsonaviy hujumchini qoniqtiradigan shartlar asosida amalga oshiriladi. Yo xitoyliklarning yarim milliardga teng besh yillik shartnomalari u qadar jiddiy ko‘rilmagan yoki Messining vakillari Neymarning agentlari uslubini qo‘llamoqchilar. «Barsa» 24 million o‘rniga 35 million taklif etib ulgurdi, ammo bu kelishuvda soliqlar inobatga olinmagan. Ispaniyada esa bu masala futbolchilarning og‘riqli nuqtasiga aylanib ulgurgan. Agar Lionelning yoshi o‘tib borayotgani inobatga olinsa, u Xitoy safaridan faqat foyda ko‘rishi mumkin. O‘z navbatida, salbiy jihatlari ham bor, axir ke-yingi yili uylanishi, qo‘shimchasiga Ronaldudan «Oltin to‘p»ni qaytarib olishi kerak. Mabodo rafiqasi milliarder xonim bo‘lishni xohlab qolsa-chi?
Sesk Fabregas («Chelsi»)
Taklif: Yiliga 31 mln. yevro (summada 124 mln. yevro)
Konte Oskarning Xitoyga ko‘chib o‘tishi haqidagi xabarga izoh berarkan, futbolga ishtiyoq, pulga bo‘lgan ishtiyoqdan ustunroq turishi lozimligini ta’kidladi. Italiyalik mutaxassis haq, ammo mazkur holatda Villianning ham bu boradagi fikriga qo‘shilmay iloj yo‘q - Oskar oilasini o‘ylashi lozim. Boz ustiga, u hozirgi «Chelsi»ning asosiy tarkibida yetakchi o‘yinchi hisoblanmaydi. Ramires bilan birgalikda boshqalarga o‘rnak bo‘lishni rejalashtirmoqda. Shu o‘rinda Sesk ham Londonni tark etish tadorigini ko‘rmoqda. Demak, faqat uni bukmekerlar va ekspertlar kutayotgan klublarga ketishi shartmas. Misol uchun, «Guanjou Evergrand» 31 million yevroga teng yillik maosh taklif etsa, «PSJ»dagilarning chaqiruvida ma’no qoladimi? Ispaniyalik yarim himoyachi rad javobi beravergach, summa miqdori 47 milliongacha oshdi. Demak, Fabregas fikrini o‘zgartirishi ham ehtimoldan xoli emas.
Ueyn Runi («MYU»)
Taklif: Yiliga 30 mln. yevro (summada 90 mln. yevro)
Ro‘yxatdagi qo‘shnilarning ko‘p hollarda rad javobi berishayotganini tushunish mumkin - futbolchilik faoliyatini rivojlantirish nuqtai nazaridan bu to‘g‘ri. Ammo o‘ziga xos fe’l-atvorga ega Runi xitoyliklar ra’yini qaytaraversa, xatoga yo‘l qo‘yish xavfi ostida qoladi. Axir u bilan jiddiy qiziqishmoqda. «Pekin Guoan» prezidentining aytishicha, u hattoki, «MYU» klubi va Angliya terma jamoasi faxriysi bilan uchrashgan. Avvalroq «Qizil iblislar» bilan shartnomasi 2019 yilgacha tuzilgan yarim himoyachining Chin o‘lkasida uch mavsum davomida 90 million yevro olishi mumkinligi aytilgandi, biroq vakillar Runini ko‘ndirishni uddalay olishmadi. Shunga qaramay, agentlar qo‘lida «ko‘zir» bor - aytishlaricha, Ueynning qizlar bilan suratga tushishi va so‘nggi mojarolar futbolchining rafiqasi yoqmayapti. Balki, Xitoy varianti orqali muammolarga yechim topar?
Marek Hamshik («Napoli»)
Taklif: Yiliga 20 mln. yevro (summada 80 mln. yevro)
Marek «Napoli»da o‘smirlik davridan buyon o‘ynab kelmoqda. Garchi slovakiyalik bo‘lsada, Neapolning haqiqiy fidoyisiga aylangan. U va mahalliy «boss»lar o‘rtasida iliq munosabat o‘rnatilgan - ularni shunday deb atay turaylik. Ammo bu bilan Italiya janubida futbolchilarni kuch bilan ushlab turishadi, deyish noto‘g‘ri. Mabodo, chetdan kelgan taklif o‘yinchini qoniqtirsa, hech kim uning oyog‘idan bog‘lab qo‘ymaydi. Juda borsa, Gonsalo Iguain singari sotqinga chiqarishlari mumkin. Shunda ham «Yuventus»ga rad javobini bersa, albatta. Bordi-yu, Fabio Kannavaro boshqaruvidagi klubga o‘tsa ham Gamshik «Napoli» afsonasi bo‘lib qolaveradi. Marek hozircha sodiqlik har qancha puldan muhimroq, degan fikrda. Bu holat, tabiiyki, yuksak e’tirofga sazovordir.
Luka Modrich («Real»)
Taklif: Yiliga 20 mln. yevro (summada 80 mln. yevro)
Yozda Luka ikkita taklif oldi. Dastlab yiliga 15 million yevro. «Real» bilan kelishuvlar boshlanganidan keyin esa summa miqdori 20 millionga yetdi. Bunday pallada futbolchilar ikkilanib qolishadi. Axir Inyestaning maoshi ham 15 million bo‘lib, soliqlardan so‘ng 7,5 million qoladi. Multimillionerlar olami uchun bu katta mablag‘ emas, albatta. Inyesta, Modrich yoki Ramos singari afsonaviy va bebaho futbolchilar uchun hujumchilarga nisbatan kamroq pul to‘lashayotgani pozisiyadagi tafovut diskriminasiyasiga o‘xshaydi. Noyob o‘yinchilar o‘zlarini Xitoyga baxsh etishga rozi bo‘lsalargina o‘nlab millionlar olishlari mumkin. Biroq Luka 31 yoshga to‘lganiga qaramay, Chin yurti vakillariga rad javobini berdi. Buning uchun «Real»dan 2020 yilgacha cho‘ziladigan yangi shartnomaga ega bo‘lib, navbatdagi finalda g‘alaba qozonish imkoniyatini saqlab qoldi.
Mario Manjukich («Yuventus»)
Taklif: Yiliga 8 mln. yevro (summada 32 mln. yevro)
«Bavariya»ning sobiq hujumchisi «Yuventus» zaxirasiga «mixlanish» xavfi ostida qolgandi. Shunday pallada xitoyliklar Manjukichga to‘rt mavsum uchun 32 million yevro taklif etishganida xorvatning ko‘nishini kutganlar ko‘pchilikni tashkil qilgandi. Mario esa rad javobini berib, taxminlar noto‘g‘ri ekanini isbotladi. U Iguain moslashish jarayonini yakunlaguniga qadar «Yuventus»ga ko‘maklashishni xohlab, «A» seriyaning yangi mavsumida ko‘plab uchrashuvlarda maydonga tushishga ulgurdi. Balki Manjukich jamoadagi eng sermahsul hujumchi emasdir, lekin baribir, Xitoy safariga otlanishga hali erta.
Xavyer Maskerano («Barselona»)
Taklif: Yiliga 16,7 mln. yevro (summada 50 mln. yevro)
Xitoyda o‘tadigan uch yil uchun - 50 million yevro. Mudofaa chizig‘ida to‘p surayotgan yoshi katta futbolchi uchun yomon taklif emas, to‘g‘rimi? Hoynahoy, Xavyerning bunga qadar «Barselona» bilan og‘zaki kelishuvga erishgani osiyoliklarga rad javobi berishiga turtki bo‘lgan. Taklif oddiy emasdi, ammo himoyachi lafzini buzishni xohlamadi. Maskeranoning Ispaniyadagi maoshi ancha kam - soliqlardan tashqari yiliga 5 million yevro ishlab topadi. Agar avvalroq moliyaviy qonunchilikda mojarolarga yo‘liqqanini inobatga olsak, soliqchilarga qarshi chiqishni istamasa kerak. Axir qamoqqa tushsa, jarima to‘lash bilan qutulolmaydi. Maskerano yoshi o‘tib qolgan pallada 50 million yevrodan voz kechdi. Bundan ko‘rinadiki, u «Barselona», jamoasi va Yevropa futbolini juda sevadi.
Visente Del Boske (Ispaniya)
Taklif: Yiliga 10 mln. yevro (summada 30 mln. yevro)
Senyor Visente o‘n million yevroga teng yillik maosh taklif etishganini tasdiqladi. Ya’ni, 2018 yilgi mundial boshlangunga qadar Xitoy termasida ishlab, shaxsiy pensiya jamg‘armasini 30 million yevroga boyitish imkonini qo‘lga kiritgandi. Biroq Del Boske taklifni jiddiy qabul qilmadi, aniqrog‘i, u bilan tanishishni ham xohlamadi. Jahon va Yevropa chempionini katta ehtimol bilan Chin yurti milliy jamoasi ustozligiga tayinlash ko‘zda tutilgandi. Klub bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Shunchaki, ispaniyalik mutaxassis xitoycha iyerogliflarning nimani anglatganini tushunmadi. Mazkur holatda sog‘liqni saqlash birinchi galdagi vazifa ekanligini tushunish lozim. Butun dunyo bo‘ylab davom etadigan parvozlar Del Boskeni charchatdi. Boz ustiga, uni Xitoydan kelgan taklif zarracha qiziqtirmadi. Ushbu murabbiyning puli yetarlicha, evaralarigacha yetadi.
Edinson Kavani («PSJ»)
Taklif: Yiliga 20 mln. yevro (summada 100 mln. yevro)
«PSJ»da o‘ynagan Lavessi Xitoyga yo‘l olib, ko‘zga ko‘ringan o‘yinchilar shartnomalarini oshkor etish evaziga haftasiga 579 ming yevro olarkan. Ya’ni, argentinalik futbolchi Xitoyda har soatda 3,5 mingga ega bo‘lmoqda. Hozirgi paytda bu borada Messi va Ronalduni ham ortda qoldiryapti. 30 yoshli Kavani uchun katta mablag‘, futbolchining o‘ziga 12 million yevroga teng yillik maosh (soliqdan tashqarimi, yo‘qmi, hali aniqlanmagan) taklif qilishganida, urugvaylik hujumchi o‘ylanib qoldi. Ammo bu yil o‘zgacha, Yevropadagi klublar futboliga bo‘lgan sadoqat Edinsonni jiddiy takliflarga rad javobi berishga undamoqda.
Darhaqiqat, aksariyat futbolchilar o‘z qarashlariga sodiq qolishmoqda. Lekin xitoyliklar kelgusida ham shunday faollik ko‘rsatishsa, Xalk va Oskarning ortidan Xitoyga boshqa ko‘plab yulduzlar ham yo‘l olishlari aniq. Hozircha eng mashhur futbolchilar rad javobini berishmoqda, ammo bir soniyaga fikringizni jamlab, ularni agentlar, do‘stlari, rafiqalari, ota-onalari, moliyaviy tahlilchilar ko‘ndirishga urinishayotganini tasavvur qilib ko‘ring. Muammo ham shunda - tevarak-atrofingizda pulni futboldan ustun qo‘yadiganlar har doim topiladi. Har bir o‘yinchi orzu qiladigan barcha yutuqlarga erishib ulgurgan Messining yarim milliarddan voz kechgani uning barcha yaqinlariga ma’qul kelgan deb o‘ylaysizmi? Umuman, Leoga JCH-2018dan so‘ng biroz qiyin bo‘ladi. Rossiya sayohati yakunlangach, xitoyliklar yana hujumga o‘tib, bu gal megayulduzlarni qo‘lga kiritishni uddalashlari mumkin. Qolaversa, yuqoridagi ro‘yxatdan o‘rin olganlarning fikrlari o‘zgarib qolmasligiga kafolat yo‘q.