FIFAning texnik direktori Marko van Basten Konfederasiyalar kubogi starti oldidan futboldagi yangiliklar haqida gapirdi.
"Biz hakamlardan ularni futbolchilar o‘rab olgan vaziyatlarda qattiqqo‘lroq bo‘lishlarini so‘radik. Biz buni futboldan yo‘qotishimiz kerak.
Yana bir muhim mavzu - o‘yin vaqtining uzaytirilishi. Biz jarohatlar, almashtirishlar uchun ketadigan aniq vaqt hisobini o‘rnatmoqchimiz. Hozirda bu ko‘pincha, birinchi bo‘limga - 1 daqiqa, ikkinchi bo‘limga - 3 daqiqa ko‘rinishida bo‘lmoqda. Ammo yo‘qotilgan daqiqalar vaqti bundan ko‘proq. Hatto golni nishonlash ham ko‘p vaqtni oladi.
Darvozabonlar to‘pni o‘yinga kiritishdan avval uni ko‘p ushlab qoladilar. Bu o‘yin vaqti hisobiga bo‘lyapti. Biz hakamlarga darvozabonlar to‘pni 6 soniyadan ortiq ushlab turmaslik qoidasi hali ham borligini eslatdik.
Biz videoyordamchi sistemasini (VAR) va ekstra-taymlarda to‘rtinchi almashtirishni sinab ko‘rmoqchimiz. Maqsad - VAR sistemasini Rossiyada o‘tadigan Jahon chempionatida qo‘llash", - deydi Van Basten.