«Liverpul»ning sobiq himoyachisi Yon-Arne Riise jamoaning yakunlangan mavsumdagi natijalari haqida fikr bildirdi.
– «Liverpul» 2024/25 yilgi mavsumda haqli ravishda chempion bo‘lgandi va Chempionlar Ligasida «PSJ»ga eng ko‘p muammo tug‘dirgan jamoa bo‘lsa kerak. Yozda ular juda katta pul sarflashdi, bu yil esa beshinchi o‘rinni egallashdi. Nima sodir bo‘ldi?
– Menimcha, ba’zi futbolchilar o‘zlarini eng yaxshi tomonlama ko‘rsata olishmadi. Raqib jamoalar o‘z o‘yinlarini kuchaytirishdi va «Liverpul» taktikasini o‘rganib olishdi. Men tezkor qarshi hujumlarda ularning hujumkorlik kuchi yetishmaganini sezdim. O‘tgan mavsumda to‘pni olib qo‘yishganida zahotiyoq hujumga o‘tishayotganini ko‘rardik. Bu yil esa har safar to‘p yo‘qotilganda o‘z darvozamiz oldida xavf tug‘ilaverdi. Albatta, jarohatlar bo‘ldi, lekin ular barcha jamoalarda uchraydi. Futbolchilarning individual o‘yinlari o‘z darajalariga mos kelmadi.
O‘tgan mavsum boshlanishidan oldin Saloh, Van Deyk va Trent shartnomalarini uzaytiradimi yoki yo‘qmi, shuni muhokama qilayotgan edik. Katta pul sarfladik. Yangi futbolchilarning moslashishi esa vaqt talab etadi. Keyin Isak jarohat oldi. Keyingi mavsumda ularni katta hajmdagi ish kutmoqda. Saloh ketganidan keyin ular boshqa o‘yinchi sotib olishlari kerak. Ba’zi futbolchilar bilan xayrlashib, yangilarini olib, oldinga harakat qilish lozim. Ular chempionlik uchun kurashishlari shart.
– Diogu Jotaning o‘limi ham bu mavsumdagi natijalarga ta’sir qildi deb hisoblaysizmi?
– 100 foiz. Tayyorgarlik butunlay boshqacha bo‘ldi. Jamoa ajoyib o‘yinchini, futbolchilar yaqin do‘stini, muxlislar esa juda qattiq hurmat qiladigan afsonaviy futbolchini yo‘qotishdi. Menimcha, odamlar bu voqea jamoaga qanchalik kuchli ta’sir qilishi mumkinligini oxirigacha tushunishmayapti, — dedi Riise.