O‘zbekiston U-19 – BAA U-19 (1:0) o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yinidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Mochinov o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bu kabi xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlarini tashkil qilgani uchun O‘FF rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Shuningdek, BAA Futbol Uyushmasiga ham tashakkur aytaman. Bu yil BAA yoshlari bilan ikkinchi bor to‘qnash kelmoqdamiz. Ularga qarshi o‘yinlar doim mazmunli va kurashga boy tarzda o‘tadi.
Umuman olganda, bugungi bellashuv qiziqarli o‘tdi: penaltilar bo‘ldi, chetlatishlar, kurashlar. Men hakamlar qarorini muhokama qilmayman va buni yoqtirmayman. Jasur Rahimovning qoshi yorildi va u darhol shifoxonaga yuboirldi. Uning holati og‘ir emas. Futbolchi bugunning o‘zida jamoa safiga kelib qo‘shiladi.
Futbolchilar hali yosh va hujumda o‘zini biroz yo‘qotib qo‘yadi. Birga-bir vaziyatlardan unumli foydalanmaganini shu bilan izohlash mumkin. Himoyada ham shunday. BAA yoshlar termasi ham shunday muammolarga duch kelganini ko‘rdik.
Saralash o‘yinlari oldidan himoya chizig‘idan xavotirim bor. Ko‘plab o‘yinlarni o‘rganib, tahlil qildik. Shuning uchun, himoyaga e’tiborni qaratamiz. OCH saralashidagi raqiblar haqida ma’lumotlar topish qiyin, ammo ular bor. Imkon qadar raqiblar haqida ma’lumot to‘plashga harakat qilyapmiz”, – dedi Aleksandr Mochinov.