O‘zbekistonlik hakamlar muntazam ravishda xalqaro musobaqalarni boshqarishga taklif etilayotgani haqida avval xabar berib o‘tgandik.
Jumladan, bugun 3 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionlar ligasidan o‘rin olgan “Serezo Osaka” (YAponiya) – “Jey Ju Yunayted” (Janubiy Koreya) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib borishadi. Tantashevga qanotlarda Andrey Sapenko va Timur Gaynullin yordam berishadi.
Shuningdek, ertaga 4 aprel kuni OCHL guruh bosqichidan o‘rin olgan “Shanxay SIPG” (Xitoy) - “Kavasaki Frontale” (YAponiya) jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda ham o‘zbekistonlik hakamlar ishlashadi. Bosh hakam Valentin Kovalenkoga Husniddin Shodmonov va Ruslan Serazetdinov yordam berishadi. To‘rtinchi hakam — Sherzod Qosimov.
10 aprel kuni OFK Kubogi doirasidagi “Al-Suvayh” (Ummon) – “Malkiya” (Bahrayn) jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni boshqarib borish Sherzod Qosimov boshchiligidagi Ruslan Serazetdinov va Alisher Usmonovlarga ishonib topshirilgan.
Shuningdek, 6-20 aprel kunlari Iordaniyaning Amman shahrida futbol bo‘yicha Ayollar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Mazkur musobaqada ishlash uchun o‘zbekistonlik Edita Mirobidova (bosh hakam) va Zilola Rahmatova (yordamchi hakam) Iordaniyaga yo‘l olishdi.
Bundan tashqari, Ravshan Ermatov boshchiligidagi Abduhamidullo Rasulov va Jahongir Saidov aslida 3 aprel kuni Osiyo Chempionlar ligasi doirasida “Shanxay Shenxua” (Xitoy) – “Kashima Antlers” (YAponiya) uchrashuviga tayinlangan edi. Biroq bu tayinlov FIFA tomonidan boshqa musobaqa bilan almashtirildi. Unga ko‘ra, vakillarimiz 10 aprel kuni KONKAKAF Chempionlar ligasi doirasida Meksikada o‘tadigan “Amerika FK” (Meksika) va “Toronto" FK” (Kanada) klublari o‘rtasidagi yarim final uchrashuvini boshqaradigan bo‘lishdi.