O‘zbekistonlik hakamlar muntazam ravishda xalqaro musobaqalarni boshqarishga taklif etilayotgani haqida avval xabar berib o‘tgandik.
Jumladan, 8 may kuni bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionlar ligasidan o‘rin olgan “Tyanjin Kuanshin” (Xitoy) – “Guanjou evergrand” (Xitoy) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni Valentin Kovalenko boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib borishadi. Kovalenkoga qanotlarda Husniddin Shodmonov va Timur Gaynullin yordam berishadi.
9 may kuni esa Aziz Asimov boshchiligidagi Ruslan Serazetdinov va Alisher Usmonovlardan tashkil topgan hakamlar brigadasi Filippinda OFK kubogidan o‘rin olgan “Cheres Negros” (Filippin) – “Yangon Yunayted” (Myanma) jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan bahsni boshqarishadi.
9 may kuni OCHL doirasida bo‘lib o‘tadigan “Kashima Antlers” (YAponiya) – “Shanxay SIPG” (Xitoy) o‘rtasidagi o‘yinni Ilgiz Tantashev boshqaradi. Bu o‘yinda qanot hakami sifatida yana bir vatandoshimiz Andrey Sapenko ishlaydi.
15 may kuni OFK kubogi doirasidagi “Al-Ahad” (Livan) – “Eyr fors klub” (Eron) bahsi Valentin Kovalenko, Husniddin Shodmonov hamda Timur Gaynullinlardan tashkil topgan hakamlar brigadasiga ishonib topshirilgan.
Shuningdek, may oyining 5-9 kunlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida Jahon chempionatida ishtirok etuvchi Osiyolik hakamlar uchun OFK tomonidan seminar tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu seminarda Ravshan Ermatov, Abduhamidullo Rasulov va Jahongir Saidovlar ishtirok etadilar.