Mamlakatimizdagi bir qator nashrlar muxbirlari MOQ prezidenti va O‘FA 1-vise-prezidenti bilan katta intervyu uyushtirdi. E’tiboringizga ushbu intervyuni havola qilamiz.
"Superliga klublari iqtisodiy qiyinchilik iskanjasida ekani barchaga ma’lum. Professional futbol ligasi jamoalarning yillik smetasi kamida 25 milliard so‘m bo‘lishi kerakligini aytgandi. Biroq amalda bunday emasligi ko‘rinib qoldi. Xo‘sh, bu nimaning evaziga sodir bo‘lyapti? Nima qilinsa vaziyatdan chiqib ketish mumkin?
Mamlakat sportiga birinchi raqamli javobgar shaxs hisoblangan Umid Ahmadjonov bilan bo‘lgan suhbat yuqoridagi muammo yuzasidan savollarga bir qadar javob bo‘lishi mumkin. Yaqindagina FIFA Kongressida hamda mundialning ochilish o‘yinida ishtirok etib qaytgan O‘FA birinchi vise-prezidenti 17 iyun kuni championat.asia sayti va bir qator nashr muxbirlarining savollariga javob qaytardi.
— Umid Mahamadjonovich, Jahon Chempionati davom etayotgan vaqtda milliy chempionatda tanaffus yuzaga keldi. Endi jamoalar jazirama iyulda to‘p surishga majbur bo‘lishadi. Bu masala avvaldan hisobga olinganmidi?
- Nimagadir erishish uchun, boshqa narsadan voz kechish kerak. Klublar o‘z vaqtida elektr energiyasiga ketadigan harajatdan qochish maqsadida o‘yinlarini qosh qorayguncha o‘tkazib olishardi. Biz esa Pepsi Superliga klublarining hammasiga yoritish uskunlarini talab darajasiga keltirish talabini qo‘ydik hamda uchrashuvlar ish vaqtida start olmasligini ta’minladik. Siz aytayotgan iyul oyidagi o‘yinlarni bemalol kechroq vaqtga tayin qilishimiz mumkin. IIB bilan kelishuvimizga ko‘ra, futbol uchrashuvlarini 22:00 qadar boshlab olishimiz mumkin.
Agar kimdir iyul oyida futbol o‘ynab bo‘lmaydi, deb noliyotgan bo‘lsa, men uning fikriga qo‘shilmayman. Professional sportchi har qanday holatga tayyor turishi kerak. Undan ko‘ra, murabbiylarimiz ham, futbolchilarimiz ham mundial o‘yinlarini ko‘rishsin, tahlil qilishsin, bir nima o‘rganishsin, intilishsin yuqori marralarga ham. Biz istayotgan narsa aynan mana shu. Qolaversa, 4 yilda bir marta mundialni yolchitib ko‘rishga ahd qilgan muxlislarimizning ham e’tibori bo‘linmasligi uchun harakat qildik. Terma jamoamiz JCH chiptasini qo‘lga kirita olmagani o‘zbekistonlik muxlislarni katta futboldan uzib qo‘ya olmaydi.
— Siz to‘xtalib o‘tgan klublar yoritish tizimi va boshqa talablarni bajargani rost. Biroq Professional futbol ligasining 25 milliard so‘mlik yillik smetasi masalasi ochiq qolib ketdi. Bunga nima deysiz?
- Bitta jihatni to‘g‘ri tushunish kerak, biz 25 milliard so‘mi yo‘q klubni ligaga qo‘ymasak, unda hech kimni qo‘ymasligimiz kerak. Chunki hech kimning hisobida buncha pul turmaydi. Bu mablag‘ yil davomida klubga kelib tushadi. Shuning uchun ham Professional futbol ligasi klublar ta’sischilarining bu boradagi kafolatini oladi.
Boshqa tomondan olib qaraganda PFL tomonidan aytilgan 25 milliard talab emas, tavsiya o‘rnida qabul qilinishi kerak. Chunki bundan kam pulga raqobatbardosh jamoa tuzishqiyin. U hattoyana kimgadir juda kamlik ham qiladi. PFL 25 milliardni osmondan olmagan. Klublarga futzal, ayollar futboli, yoshlar jamoalariga bo‘lgan e’tiborni ham kuchaytirish vazifasi qo‘yilgach, o‘z-o‘zidan chiqimlar ortishi tabiiy edi. Demak, hisobimiz bo‘yicha shuncha puli bor jamoa minimum talablar bo‘yicha yilni yakunlab olsa bo‘lardi.
— To‘g‘ri, lekin ba’zi bir klublarning yillik smetasi 10—15 milliardga ham bormayotgani borasida gap-so‘zlar bor...
Bundan xabarimiz bor. Asosan neft va gaz kompaniyalariga qarashli bo‘lgan “Bunyodkor”, “Buxoro”, “Mash’al”, “Nasaf”, “Neftchi”, “Sho‘rtan” kabi klublarning smetasi juda kamayib ketdi. Bu jamoalar mavsumni qanday yakunlab olishadi, hayronman.
— Ba’zi manbalarda aytilishicha, “Bunyodkor” va “Nasaf” kabi klublar O‘FAga kerak bo‘lmay qolgan. Ular yil yakunigacha yo‘q bo‘lib ketishi ham mumkin.
- O‘zim ham bunday ahmoqona fikrlarni ko‘p eshitdim. Aytishim kerakki, “Nasaf” tuzilishi jihatdan O‘zbekistondagi eng yaxshi va eng to‘g‘ri yo‘lda bo‘lgan klubdir. Mana shunday klublarning ko‘p bo‘lishidan mamlakat futboli manfaat topadi. Chunki unda stadion bor, akademiyasi havas qilsa arzigulik, o‘z vaqtida ko‘chma televizion stansiyasidan ayrilib qolganiga qaramay, keyinchalik o‘zi uchun yana bir kichik studiya tashkil qila olgan.
“Bunyodkor” uchun ham ko‘p ishlar qilingan. Ammo unda faoliyat olib borgan rahbariyat so‘nggi 4-5 yil ichida “Nasaf” yo‘lidan yurish o‘rniga, stadionni o‘z holiga tashlab qo‘ygan deyish mumkin. Stadion qurilganiga qancha vaqt o‘tdi, biroq uni balansiga olish haqida o‘ylamagan ham. Undagi ko‘pchilik o‘z manfaatidan kelib chiqib ish ko‘ravergan.
— Demak, O‘FA uchun bunday klublar kerak degan xulosaga kelish mumkinmi?
- Men sport tepasiga qaysidir klubni yo‘q qilish uchun kelmaganman. Chunki o‘zimga ham,mamlakat futboliga ham dushman emasman. Rahbariyat alishganidan so‘ng neft va gaz klublari shunday muammoda qolayotgani uchun, buni ko‘pchilik bizdan ko‘rishni boshladi. Vaholanki, o‘sha jamoalarni moliyalashtiruvchi, ularning istiqbolini bo‘yniga olgan tashkilotlar bor. Masalaga javobgarlikni aslida ular zimmasiga olishi kerak.
— Unda “Bunyodkor” stadioni O‘FA balansiga olib qo‘yilayotganini qanday izohlash mumkin?
- Endi qarang, biz “Nasaf” stadionini tortib olyapmizmi? Ololmaymiz ham, chunki yuqorida aytganimdek, stadion klubning o‘ziga tegishli. Shunchaki bu yerda nafaqat futbolchilar, balki rahbariyatning o‘zida ham ko‘tarma pullari, kishini hayratda qoldiradigan darajada katta oylik-maoshlar, mukofot pullari bor edi. Ozgina qiyinchilik paydo bo‘lishi bilan, ular klubni saqlab qoling deb dod solishga tushishdi. Klub rivojini, uning istiqbolini o‘z manfaatidan ustun ko‘radigan kishilar aslida bunday ishlashi kerak ham emas. Ular ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishdi, ammo bu ishlari uchun keragidan ortiq haq ham talab qilishdi.
“Bunyodkor” rahbariyati ham xuddi shu yo‘ldan yurdi. Hozir natija ko‘rsatish uchun harakat qilayotgan murabbiy bilan, “Bunyodkor”ni sovrinli o‘rinlardan tushirib yuborgan murabbiy olgan haqni solishtirib ko‘ring, hammasini o‘zingiz tushunib olasiz. Klub rahbariyati besh panjasini og‘ziga solgan-u, “Bunyodkor” stadioni hech kimga kerak bo‘lmay yotavergan. Agar o‘sha rahbariyat haqiqiy professional bo‘lsa, stadion bilan bog‘liq muammolarni tezroq bartaraf qilib, uni o‘zi uchun xatlab olish harakatiga tushishi kerak emasmi? Butun mamlakat shu stadionga intilsa, hamma ota-onalar bolasini “Bunyodkor” akademiyasiga olib kelish orzusida yursa-yu, aslida o‘sha stadion, o‘sha akademiya kimgadir kerak bo‘lmay, rahbariyat o‘z qornini o‘ylasa! Endi o‘sha stadion burnidan narini ko‘rmaydigan rahbariyat qo‘lida o‘yinchoq bo‘lmaydi. U xalq stadioni bo‘ladi, akademiya ham O‘FAga qarashli bo‘ladi, unda mamlakatning eng kuchli o‘smirlarini jamlashga harakat qilamiz.
— Bunisi tushunarli. Endi “Bunyodkor” klubi nima qilishi kerak?
- Mana shu savolni klub ta’sischilari o‘ziga bersin. Biz klubni hozirdanoq ko‘chaga haydayotganimiz yo‘q. Yil oxirigacha “Milliy stadion”da o‘ynayversin, kerak bo‘lsa, “Jar” bo‘shaguniga qadar ham o‘yinlari uchun qo‘yib beramiz. Akademiya masalasida esa o‘ylab ko‘rishsin. Davlat puliga qurilgan shuncha katta ob’ektlar ularga kerak bo‘lmadimi, endi aqlni bir joyga qo‘yib ishlashadi. Boqimandalik aslida shu-da, beli olib pul topmagandan keyin, tayyor kelganini yeb yotaveradi.
Bilasizmi, meni nima hayron qoldiradi? Klubga pul beradiganlar yillar davomida uning hisobini so‘ramagandek. Stadionni qachon o‘zingga olasan, qaysi qilgan ishing uchun shuncha pul olyapsan, qanday saviyadagi ishchilar bilan shartnoma tuzyapsan, nega yil bo‘yi zaxirada o‘tiradigan futbolchiga 400 million, yoshi 35 ga yetgan futbolchiga 800 millionlab ko‘tarma puli berasan, deb so‘ramagan. Go‘yoki shunday tasavvur paydo bo‘ladiki, pul berayotgan tomonning o‘zi ham bundan manfaatdordek. Mana shunday vaqtda xalq puliga qurilgan stadion kimlargadir emas, xalqning o‘ziga xizmat qilishi kerak, deyilsa, ular stadionimizni tortib olishyapti, bizni “o‘ldirishyapti”, deb jar solishmoqda. Aslida esa dushman yillar davomida ularning ichida bo‘lgan va klubni yemirib tashlagan. So‘nggi 4-5 yil ichida klubda pul yo‘q, qiynalyapmiz degan rahbar bekorlarning beshtasini aytibdi. “Nasaf”da ham, “Bunyodkor”da ham yaxshigina pul bo‘lgan, faqatgina ular ba’zida maqsadli sarflanmagan deyish mumkin.
— Unda qanday qilib o‘sha ta’sischilar o‘z klubini o‘zi “o‘ldirishi” mumkin?
- Ular kerak bo‘lsa o‘zi uchun yangi “Bunyodkor”, yangi “Nasaf” yaratib olaveradi. Bu borada hech qanday qiyinchilikka duch kelmaydi, ishoning. Shunchaki tuppa-tuzuk bizneslariga kimdir burnini suqmasa bo‘ldi. Biz esa suqib qo‘ydik. MOQ qoshidagi medisina markazini olganimiz ham, “Bunyodkor” stadionini olayotganimiz ham kimlargadir yoqmadi. Bo‘layotgan ishlarning hammasiga asl sabab shu.
Men neft va gaz kompaniyalarini ham tushunaman, balki ular ham klublar rahbarlari cho‘ntagiga solayotgan pullardan norozi bo‘layotgandir. Biroq tekshirish ham, tartibga solish ham aslida ularning qo‘llarida edi. Madomiki shunday bo‘lmadimi, endi ularning o‘rniga biz belgilab beramiz. Klublarga qanday saviyadagi odamlar kerak, ularning maksimum maoshi qancha bo‘lishi kerak, shtat birliklari — hammasini tartibga solamiz. “Paxtakor” bundan mustasno, pulini o‘zi topyaptimi, bemalol. Yana kimdir xususiy klubga asos solsin-da, bilganini qilsin. Davlatning puli talon-taroj bo‘lishiga esa yo‘l qo‘ymoqchi emasmiz. “Nasaf”ga pul bermaslik yoki puldan siqish — muammodan qochish deyiladi. Biz esa uni yechish tarafdorimiz. Klubning hamma narsasi bo‘lsa, yaxshi investorlar topib, sotish kerak. Zora “Paxtakor”ga o‘xshab yana bitta klubimiz xususiy bo‘lsa. Yo‘qsa, o‘zlari yaxshi bir klubga aylantirishsin. Buning uchun pul va sharoit bo‘lgan, shu bilan birga o‘z qornini o‘ylaydiganlar ham doimo yetarlicha topilgan.
— Bu urushdan nimadir chiqishini yana qancha kutish mumkin?
- Biz hech kim bilan urishayotganimiz yo‘q. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich qanday topshiriq bergan bo‘lsalar, shu yo‘sinda ishlayapmiz. Sport tepasiga biznesimizni rivojlantirish, qarindosh-urug‘larimizni “Bunyodkor” stadioniga, klubiga yoki boshqa joylarga joylashtirish uchun kelganimiz yo‘q. Agar biror klub pulni o‘zi peshona teri bilan ishlab topayotgan bo‘lsa, qandini ursin. Menga desa Messini olib kelmaydimi. Ammo pul xalqniki, korxonalar davlatniki bo‘lsa-yu, nega u kimlarningdir manfaati uchun xizmat qilishi kerak?! Ko‘ryapmiz mamlakat rahbarining o‘zi kimlarni fosh qilib, ular haqida o‘z pozisiyasini bildirib, adolatni tiklashga urinyapti. Biz xuddi shu siyosatni sportga tadbiq qilayotganimizgina kimlargadir yoqmayapti chog‘i.
— Stadion masalasida qanday yangiliklar bor? Qachon uning ishi bir yoqlik bo‘lishi mumkin?
- Biz shu ishni tezlashtirish uchun kechalari bilan uxlamay chiqyapmiz, ayrimlar esa uni sekinlatish uchun. Vaholanki stadionning 250 dan ziyod ishchi xodimlari yarim yildan buyon oylik-maosh olishmaydi. Tasavvur qilyapsizmi, ularning ham oilasi bor, bola-chaqasi bor.
Prezident qaroriga ko‘ra, stadionning moliyalashtirish manbalari saqlab qolingani holda, O‘FA balansiga o‘tishi kerak. Chunki bunday katta ob’ektni moliyalashtirish uchun tashkilotda pul yo‘q. Mana shu “Bunyodkor” stadionida ham kimlarningdir tanishlari, jiyanlari ishlab kelgan. Endi esa birdaniga uning sarf-harajatlarini sun’iy ravishda pasaytirishga harakat qilishyapti. Shu vaqtgacha ayrim odamlar deyarli ish qilmasdan, biror yangilikka qo‘l urmasdan shuncha pulni olib yurgan-u, birdaniga stadion O‘FA balansiga o‘tayotganda, unga beriladigan pulni qisqartirish ishlari boshlandi. Bu esa bora-bora stadionning yemirilishiga olib kelishi mumkin. Mamlakatning bosh stadionini yuqori saviyada ushlab turish missiyasi ham bor o‘rtada.
Biz “Milliy stadion”ni avvalgidek panada ushlab turmoqchi emasmiz. Uning ayrim darvozalarini ochamiz. “Santyago Bernabeu”, “Kamp Nou”, “Old Trafford” va boshqa ko‘plab mashhur stadionlarda bo‘lgani kabi, istagan muxlis stadionni aylanishi, muzeylariga kirishi, futbolchilarning yechinish-kiyinish xonalari, hakamlar, sharhlovchilar xonalarini tomosha qilishi uchun sharoitlar yaratamiz. Restoran, bar, kafelar ishga tushadi, ular odamlar uchun xizmat qila boshlaydi. “O‘zbekturizm” bilan hamkorlikda turistlar tashrifi, ularning tushliklari stadionda bo‘lishi yuzasidan ish olib boramiz. Farzandini sayrga olib chiqqanlar, ularning ko‘nglini yozishni istagan ota-onalar ham “Milliy stadion” bilan do‘st tutinishi yo‘lidan yuramiz.
Shtatlar masalasini qisqartirishni esa o‘zimiz hal qilamiz. Qo‘rqishmasin, ulardan ortgan pulni hech kim orqalab ketmaydi. Biz o‘sha pulga stadion tuzilmasini rivojlantiramiz, ko‘ngilochar maskanlar quramiz, savdo raslarini ishga solamiz, sekin-sekin boqimanda stadion pul topish yo‘liga ham o‘tsa yomonmi? O‘zimiz boshlab beramiz va albatta klublarni ham bosqichma-bosqich shunga undab boramiz. Yeb yotganga tog‘ chidamaydi axir.
— Demak, yaqin orada ish hal bo‘lib qolishi kerak, shundaymi?
- Xudo xohlasa tez orada buni hal qilamiz. Faqat to‘siqlardan chiqib ketishimiz kerak. Biz “Nasaf” va “Bunyodkor” kabi klublar sun’iy sindirilishini istamaymiz, zero uning kabi klublar mamlakat futboliga faqat va faqat foyda keltiradi, ularning faoliyatidan manfaatdormiz. O‘sha davlat korxonalari ham, boshqalar ham Prezident qaroriga bo‘ysunishi shart. Mamlakat sportini yuqoriga ko‘tarish uchun shuncha harakat bo‘lsa-yu, o‘rtada shaxsiy manfaatlarning yotishi to‘g‘ri emas.
Qolaversa, men yuqorida sanab o‘tgan klublarning yillik smetasi o‘tgan yil so‘ngida shunday pasaytirilmadi, yo‘qsa klublar ham rejasini shunga qarab olardi. Ular avvalgi ish rejasi bilan yilni boshladi-yu, biroq aprelda smetasiga katta talofat yetdi. “Nasaf” ham, “Bunyodkor” ham shuning ortidan katta qiyinchilikda qoldi. Biz korxonalardan ozg‘imizga siqqa summani so‘rayotganimiz yo‘q, ular klublarga avvalgidek mablag‘ini bersa va albatta klublarga tayin qilingan rahbariyat ham besh qo‘lini og‘ziga tiqmasdan ishlasa, futbolni ancha ko‘tarib olishimiz mumkin. Ya’ni, pul kam bo‘lmagan hech qachon, ular juda betartib sarflangan xolos.
Sport rivoji faqat MOQ yoki O‘FAga qarab qolmagan, buning uchun o‘sha davlat korxonalari, tashkilotlari ham bir yoqadan bosh chiqarib ishlashi kerak. Bizdan talab qilinayotgani ham aslida shu. Men kelishib ishlashga tayyorman. Biroq bu kelishuvda shaxsiy emas, umummilliy manfaatlar yotishi tarafdoriman.
2018 yil futbol olamida katta o‘zgarishlar bo‘lyaptiki, bunga tayyor bo‘lmaganlargina amalga oshirilayotgan ishlardan noliyapti. Biroq O‘FA o‘z prinsiplarini saqlab qoladi. Oldinda ko‘tarma puli, yarim yillik shartnomalar kabi masalalar to‘liq yo‘q qilinishi rejaga kiritilgan. Endi klublar yo uzoqni ko‘zlab ish olib boradi yoki biz faqatgina o‘zini o‘ylaydigan rahbarlarga qarshi jiddiy kurashamiz”, — deb aytib o‘tdi MOQ prezidenti.