Belgiya terma jamoasi Rossiyadagi jahon chempionatida juda yorqin o‘yin namoyish etmoqda va g‘oliblik uchun eng asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib turibdi. Ushbu terma jamoaning yetakchisi haqida gap borganda, ko‘pchilik sardor Eden Azarni yoki Angliyaning eng yaxshi yarim himoyachilaridan biri Kevin de Bryuyneni tilga oladi. Ammo agar e’tibor berayotgan bo‘lsangiz, futbolchilarni ilhomlantirish, ta’sirli so‘zlar bilan olg‘a boshlash ko‘proq Romelu Lukaku tomonidan amalga oshirilayotganini ko‘rasiz. Tanaffus paytida ham, yechinish xonasida ham sheriklari aynan Romeluning otashin nutqlarini tinglashmoqda.
Xo‘sh, Romelu ularga nimalarni aytishi mumkin? Bu qorong‘u. Lekin uning mashhur ThePlayersTribune portalidagi hikoyasini o‘qisangiz, ko‘p narsaga amin bo‘lasiz. Bu materialni e’tiborsiz qoldira olmadik.
Men o‘sha kunni juda yaxshi eslayman. Hozir ham o‘sha, muzlatgich oldida turgan onamning siniq yuzini ko‘z oldimga keltira olaman.
Olti yosh edim chamasi. Har doimgidek, tushlik qilib olgani maktabdan uyga chopdim. Menyu har doim bir xil bo‘lardi – non va sut. Bolalikda bunga e’tibor bermaysan, lekin keyinchalik o‘ylashimcha, bizning faqat shunga qurbimiz yetardi. Bu safar ham qo‘lida sut korobkasini ushlab olgan onamni ko‘rdim. U bu safar sutga nimanidir aralashtirardi. Nima edi bu, bilasanmi? Hech narsani tushunmayotgandim, u sutni oldimga keltirdi va xuddi ajoyib ixtironi amalga oshirgandek jilmaydi. U sutga suv aralashtirgandi. Endi biz yanada kambag‘allashgan, har hafta sut ichish uchun pulimiz yetmasdi.
Otam professional futbolchi bo‘lgan, ammo u o‘z faoliyatini tugatgach, pulimiz qolmadi. Eng avvalo, kabel televideniyemizni uzib ketishdi – endi futbol yo‘q. Endi futbol tomosha qila olmasdik, tamom. Bir kuni uyga kelsam, gazni ham uzishibdi, haftada ikki-uch marta elektr tokisiz qoladigan bo‘ldik. Vannada cho‘milmoqchi bo‘lsam, endi issiq suv ham muammo edi. Onam kichik idishda suv isitar, men vannada turvolib, oddiy chashkada boshimdan suv quyib yuvinardim.
Biz o‘sha kungacha kurashib keldik. Ammo onam sutga suv aralashtirayotganini ko‘rganimda, hammasi tamom bo‘lgandek tuyuldi. Shu bizning hayotimiz edi.
Indamay tushlik qildim. Onamning yana bu haqida so‘z ochishini istamadim. Ammo Xudo haqqi, aynan o‘sha kuni o‘zimga o‘zim so‘z bergandim, go‘yoki nimadir meni uyqudan uyg‘otgandek – endi nima qilishni va nima qilmoqchi bo‘layotganimni aniq bilib turardim. Men onamning bunday yashashiga qarab tura olmayman. Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Bu men uchun og‘ir.
«Oyi, hammasi boshqacha bo‘ladi. Ko‘rasan. Men «Anderleht»da o‘ynayman. Shu kun albatta keladi. Biz yaxshi yashaymiz. Xavotir olma!»
Men o‘shanda olti yoshda edim.
Dadamdan so‘rayman – «Haqiqiy futbol necha yoshdan boshlanadi?»
«O‘n olti yoshdan»
«OK, o‘n olti bo‘lsa, o‘n olti»
Bilasizmi, o‘zim qatnashgan har bir o‘yin men uchun finalga teng. Parkda do‘stlarim bilan o‘ynayapmanmi, bu ham final. Bolalar bog‘chasidagi tanaffusda to‘p tepyapmanmi, bu final. Men maydonda o‘lardim. Men uchun futbol shunchaki o‘yin bo‘lmagan. Hech qanday FIFA simulyatori haqida gap bo‘lishi mumkin emas, menda Playstation yo‘q edi. Men o‘ynamasdim, men maydonda jang qilardim.
Tengqurlarimga nisbatan gavdam juda katta edi. Shuning uchun ko‘pchilik hayron bo‘lar, men ba’zida asl yoshimni isbotlashimga to‘g‘ri kelardi. 11 yoshligimda bolalar jamoasida o‘ynashim kerak bo‘lganida, raqib jamoadagi bolalarning ota-onalari meni maydonga tushishimga qattiq qarshilik qilishgani ham esimda.
«Bu bola necha yosh? Qayerdan kelib qoldi? I.D hujjati qani?» deb to‘polon qilishgandi.
«Qayerdan bo‘lardim, Belgiyadanman. Antverpenda tug‘ilganman», – deb o‘ylardim ichimda.
Mashinamiz yo‘qligi tufayli, safardagi o‘yinlarimga otam bormas, ko‘pincha o‘zimni-o‘zim himoya qilishimga to‘g‘ri kelardi. Sumkamdan hujjatlarimni olib kelib ko‘rsatar, o‘sha paytda qonim badtar jo‘shib, «hali maydonda o‘g‘lingizga ko‘rsatib qo‘yaman» degan fikrlar kechardi xayolimdan.
Men Belgiya futbol tarixida eng zo‘r futbolchi bo‘lishni orzu qilardim. Maqsadim shu edi. Yaxshi futbolchi emas, eng zo‘r bo‘lishni. Meni bu maqsad sari yetaklaydigan, jahlimni chiqaradigan omillar yetarli edi – masalan, uyimizda yugurib yuradigan kalamushlar... yoki kabelga pulimiz yo‘qligi tufayli Chempionlar Ligasi o‘yinlarini ko‘ra olmaganim... boshqa bolalarning ota-onalari qandaydir jirkanish va qo‘rquv bilan menga boqishlari...
12 yoshimda 34 o‘yinda 76 gol urdim. Men bu gollarni otamning butsasida urganman. U paytga kelib, bizning oyoq o‘lchamlarimiz deyarli teng bo‘lib qolgan, almashib kiyaverardik.
Bir kuni bobomga, onamning otasiga telefon qildim. U mening hayotimdagi eng muhim insonlardan biri bo‘lgan. Meni ota-onamning vatani bo‘lmish Kongo bilan bog‘lab turadigan odam ham aynan u edi. «Buva, hammasi yaxshi, men 76 gol urdim, ligada chempion bo‘ldik. Katta klublar menga e’tibor qaratishyapti», – dedim unga telefon orqali gaplashganimizda.
U har doim mendan futboldagi erishganlarim, yangiliklar haqida qiziqib so‘rardi, ammo bu safar sal boshqacha kayfiyatda edi.
«Ha, Rom, bu hammasi yaxshi. Lekin men uchun bir narsa qila olasanmi?»
«Albatta, nima qilishim kerak?» – deb so‘radim men.
«Mening qizimga g‘amxo‘rlik qilishingizni, unga yaxshi qarashingizni istayman, iltimos»
Ochig‘i, biroz uyaldim. Nega bobom bunday deyapti?
«Onamni aytyapsizmi? Hammasi joyida, biz yaxshimiz»
«Yo‘q, menga va’da ber» – deb gapimni bo‘ldi u, - «menga va’da bera olasanmi? Shunchaki, unga yaxshi qara, men uchun shunday qil, bo‘ptimi?»
«Albatta, buvajon. Tushundim. Va’da beraman» – dedim men.
Besh kundan keyin u vafot etdi. O‘shandagina, nega buvam bunday deganini tushundim.
Qani edi, yana to‘rt yil yashaganda, mening «Anderleht»da o‘ynaganimni ko‘rganida, biz bilan, qizi bilan hammasi yaxshi ekanini ko‘rganida, deb o‘ylayman doim.
***
Men onamga o‘n olti yoshimda «Anderleht»da o‘ynayman deb va’da bergan edim. 11 kunga kech qoldim.
2009 yil. 24 may. Hayotimdagi eng ajoyi kun. Pley-off bosqichining finalida «Anderleht» «Lyej»ga qarshi o‘ynashi kerak edi.
Bu haqida keyinroq. Sal sabr qiling. Chunki o‘sha mavsum boshida men hatto «Anderleht»ning yoshlar jamoasida ham zaxirada o‘tirgandim. O‘n oltiga to‘laman yaqinda. Axir bu turishda, U-19 zaxirasida o‘tirib, qanday qilib klub bilan professional shartnoma imzolashim mumkin? Shuning uchun murabbiyning oldiga bordim.
«Janob, meni asosiy tarkibga qo‘ying, dekabrgacha 25 gol urishga va’da beraman»
U kulib yubordi. O‘ylashimcha, mening ustimdan kulayotgandi.
«Keling garov boylaymiz», – bo‘sh kelmadim.
«Xo‘p, agar dekabrgacha 25 gol ura olmasang, zaxiraga o‘tirasan» – dedi u.
«Roziman, lekin agar va’damning ustidan chiqsam, siz klubdagi barcha avtobuslarni tozalab chiqasiz» - meni endi to‘xtatib bo‘lmasdi.
«Yana, bizga har kuni blinchik pishirib berasiz». U yana rozi bo‘ldi.
Dekabr emas, noyabrgacha 25 gol urdim. Ana, sizga dars bo‘lsin o‘rtoq murabbiy, hech qachon qorni och bola bilan bahslashmang!
16 yoshga to‘lgan kunim, «Anderleht» bilan professional shartnoma imzoladim, shu kuniyoq o‘zimga pleysteshion va kabel televideniye jihozlarini sotib oldim. O‘sha mavsum juda keskin o‘tgan, «Anderleht» va «Standart» (Lyej) bir xil ochko to‘plagandi. Shuning uchun sovrin egasi uy-safardagi ikki o‘yin orqali aniqlanadigan bo‘ldi.
Birinchi o‘yinni uyda, televizorda ko‘rdim. Ikkinchi o‘yin arafasida esa, menga zaxira tarkibi murabbiyi telefon qildi.
«Salom, Rom, nima qilyapsan?»
«Shu, parkka futbol o‘ynagani chiqmoqchi bo‘lib turuvdim»
«Yo‘q, yo‘q, narsalaringni yig‘ishtir, hoziroq!»
«Nega, nima bo‘ldi?»
«Hozir stadionga borishimiz kerak. Asosiy tarkib murabbiylari seni ko‘rishmoqchi»
«Qaysi murabbiylar? Qayerda?»
«Anderleht», tentak, «Anderleht!»
Stadionga borsam, murabbiylardan biri mendan so‘radi – «bolakay, senga qaysi raqam yoqadi?»
«Mayli, 10-raqam yoqadi»
«Ha, senga qaysi raqamni beraylik?» – savolini o‘zgartirib so‘radi u.
«10»
U kulib yubordi. Men ham qo‘shilishib kuldim. Istihola qiladigan yoshga yetganim yo‘q edi axir.
«Akademiyadagi bolalar 30dan yuqorisini olishlari kerak» – dedi u biroz o‘ylab turib.
«Xo‘p, oltiga uchni qo‘shsa, to‘qqiz bo‘ladi, menga juda yoqadi, bo‘pti, 36ni bering»
Uyog‘ini aytgani uyalaman – o‘sha kuni kechqurun, ovqat paytida, asosiy tarkib o‘yinchilari menga qo‘shiq ayttirishgandi. Shunchalik boshim aylangandiki, qaysi qo‘shiqni tanlaganimni eslay ham olmayman.
Ertasiga ertalab, «Rom o‘ynagani chiqadimi?» deb eshigimni taqillatgan do‘stimga onam jiddiy turib, «yo‘q, u o‘ynaydi» deb javob bergani...
«Qayerda o‘ynaydi?»
«Finalda!»
***
Avtobusdan tushar ekanman, butun telekameralar meni menga qaratilganini his qildim. Kostyumda o‘zimni noqulay his qildim, hech qisi yo‘q, yechinish xonasigacha uzog‘i bilan 300 metr, uch daqiqada yetib olamiz. Ishonasizmi, xonaga kirib kelishim bilan telefonim tinmay jiringlay boshladi, smslarga to‘lib ketdi. Televizorda avtobusdan tushib kelayotganimni ko‘rsatishgan, albatta, hech narsadan xabari yo‘q do‘stlarim hayron bo‘lib qolishgan. Bir daqiqada 25ta sms kelgandi – «Sen o‘yinda nima qilyapsan?», «Rom, nima bo‘lyapti, nega seni televizorda ko‘rsatishyapti?»
Eng yaqin do‘stimga javob yozib yubordim – «Bro, o‘ynaymanmi, yo‘qmi bilmayman. Nima bo‘layotganini o‘zim ham tushunmayapman, televizor ko‘rishda davom et».
63-daqiqada murabbiy meni maydonga tushirdi. 16 yoshga to‘lganimdan roppa-rosa 11 kun o‘tib, onamga va buvamga bergan va’damni bajarayotgandim. O‘sha kuni biz yutqazdik, lekin men osmonlarda uchib yurardim. Endigina hammasi yaxshi bo‘lishiga to‘liq amin bo‘ldim.
Kelasi yili men hali ham o‘rta maktabda o‘qir, shu bilan birga Yevropa Ligasida o‘ynardim. Belgiya chempionatida g‘olib chiqdik, men esa, eng yaxshi afrikalik futbolchilar ichida ikkinchi bo‘ldim. To‘g‘risi, hammasi bunchalik tez bo‘lishini kutmagandim. Birdaniga men haqimda yoza boshlashdi va mening kelajagim borasida, ayniqsa, terma jamoada menga umid qilishlari haqida fikrlar o‘qiy boshladim. Qani, Rom, bo‘sh kelma!
Qizig‘i, agar hammasi zo‘r ketsa, meni belgiyalik hujumchi Romelu Lukaku deb atashar, agar o‘yinim qovushmasa, asl kelib chiqishim kongolik ekaniga urg‘u berishardi. Bu meni juda xafa qilardi. O‘yinim yoqadimi, yoqmaydimi, men shu yerda tug‘ilganman, Antverpenda, Lyejda, Bryusselda ulg‘aydim. «Anderleht»da o‘ynashni orzu qilib voyaga yetdim. Katta bo‘lsam, Vensan Kompani bo‘laman, derdim. Men belgiyalikman, tamom.
Hammamiz belgiyalikmiz.
Shuning uchun nega ba’zi yurtdoshlarim menga muvaffaqiyatsizlik tilashini tushuna olmayman. «Chelsi»ga borib, u yerda maydonga tusha olmayotgan kezlarimda ustimdan kulishdi. «Vest Bromvich»ga ijaraga berib yuborilganimda qarsak ham chalishdi.
Axir bu odamlar biz sutga suv qo‘shib ichayotganimizda yonimizda edilarmi? Agar unday bo‘lmasa, ular meni hech qachon tushuna olmaydilar, meni his qila olmaydilar, to‘g‘rimi?
Eng kulgilisi nima aytaymi? Men bolaligimda 10 yil Chempionlar Ligasini ko‘ra olmaganman. Bizning bunga qurbimiz yetmasdi. Maktabga kelganimda o‘rtoqlarimning final o‘yini haqida bir-birlariga gapirib berayotganliklarini ko‘rsam, o‘zimni eshitmaganga olar yoki xuddi men ham o‘zimni hammasini ko‘rgandek tutardim.
2002 yilgi finaldan keyin, bir-birlariga havodan berilgan zarba va ajoyib gol haqida aytib berishardi. Sir boy bermadim, faqat ikki hafta o‘tibgina, sinfdoshlarimdan biri internetdan tortib olingan Zidanning golini ko‘rsatgandagina, aslida gap nimada ekanini tushungandim.
O‘sha yili men shu o‘rtog‘imning uyiga borib, Ronaldoning finaldagi gollarini ko‘rsatishini so‘radim. Jahon chempionatidan qolgan tasvir men uchun shu xolos, qolgan barchasi tanishlarimning aytib bergan hikoyalari xolos.
Ha, yana tuflimda katta teshik bo‘lganini ham eslayman. Katta teshik.
***
O‘n ikki yil o‘tib esa, men jahon chempionatida maydonga tushdim. Endi esa, ikkinchi jahon chempionatidaman.
Do‘stim, meni tingla, bolaligimda men hatto Tyerri Anrini televizorda ko‘rishga ham zor edim, ko‘ra olmasdim. Endi esa, terma jamoada har kuni u bilan birgaman. Men tirik afsonaning yonida turaman va uning hikoyalarini tinglayman, har kun undan nimanidir o‘rganmoqchi bo‘laman. Bilasizmi, Tyerri mendan ham ko‘p futbol tomosha qiladigan dunyodagi yagona inson bo‘lsa kerak. Biz doim futbol haqida bahslashamiz. Masalan, biz o‘tirib, bemalol Germaniya ikkinchi divizionidagi o‘yinni muhokama qilishimiz mumkin.
«Tyerri, «Fortuna» va «Dyusseldorf»ning kechagi o‘yinini ko‘rdingmi?» – deyman men.
«Savolni qara, albatta ko‘rdim», – deydi u.
Bu dunyoda men uchun eng zo‘r hissiyot.
Lekin men bu ishlarga bobom ham guvoh bo‘lishini juda istardim. Yo‘q, Premyer Liga haqida aytmayapman. «Manchester Yunayted» haqida ham aytmayapman. Chempionlar Ligasi ham emas. Jahon chempionati haqida ham emas gap.
Men bularni nazarda tutmayapman. Men shunchaki, hayotimiz yaxshilangan, iziga tushgan bir paytda bobom yonimizda bo‘lishini istardim. Qaniydi, u bilan yana bir marta telefonda gaplashsam-u, unga aytib bersam:
«Ko‘rdingmi? Aytgandimku! Qizingdan xavotir olma, unda hammasi yaxshi. Endi uyda kalamushlar yo‘q, biz polda uxlamayapmiz, sutga suv qo‘shmayapmiz. Qizing siqilmayapti, uning kayfiyati joyida. Biz yaxshimiz, buva...
... Endi bizdan I.D so‘rashmayapti. Bizni taniydilar...»
Romelu Lukaku