Eron va FIFA milliy terma jamoaning JCH-2026 dagi ishtirokini muhokama qildi.
Eron jamoasi guruh bosqichidagi barcha uchta o‘yinni AQSHda o‘tkazishi kerak, biroq joriy yilning 11 iyunidan 19 iyuligacha bo‘lib o‘tadigan turnirda eronliklarning qatnashishi fevral oyi oxirida AQSH va Isroilning Eronga qilgan hujumidan beri so‘roq ostida qolayotgan edi. Eron o‘yinlarni Meksikaga ko‘chirishni so‘radi, ammo FIFA prezidenti Janni Infantino barcha uchrashuvlar dastlab rejalashtirilgan stadionlarda o‘tkazilishi shartligini ta’kidlamoqda.
Shu oy boshida Vankuverda bo‘lib o‘tgan FIFA Kongressiga Eron futbol assosiasiyasi (FFIRI) prezidenti Mehdi Tojning Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) bilan aloqalari borligi sababli Kanadaga kirishi rad etilganidan keyin qo‘shimcha muammolar yuzaga keldi.
FIFA bosh kotibi Mattias Grafstryom shanba kuni FFIRI prezidenti Toj bilan uchrashuv o‘tkazdi.
«Biz Eron futbol assosiasiyasi bilan ajoyib va konstruktiv uchrashuv o‘tkazdik. Biz yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz va ularni futbol bo‘yicha jahon chempionatida kutib qolamiz», — dedi Grafstryom.
FIFA Eronlik futbolchilarning mamlakatga kirishi va viza shartlari bo‘yicha kafolatlar oldimi yoki yo‘qmi degan savolga Grafstryom batafsil to‘xtalib o‘tishni istamadi.
«Biz barcha tegishli masalalarni muhokama qildik, ammo hozir tafsilotlarni gapiradigan vaqt emas deb o‘ylayman. Umuman olganda, uchrashuv juda ijobiy o‘tdi va biz muloqotni davom ettirishni intiqlik bilan kutamiz», — deya ta’kidladi funksioner.
O‘z navbatida Toj shunday dedi: «Ular Eronning dalillarini, biz ko‘targan barcha 10 ta bandni tinglaganlaridan va ularning har biri bo‘yicha yechimlar taklif qilishganidan xursandman. Xudo xohlasa, milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga hech qanday muammosiz borib, u yerda juda yaxshi natijalarga erisha oladi deb umid qilaman».
Dushanba kuni Eron terma jamoasi Tehrondan Turkiyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jo‘nab ketadi, iyun boshida esa AQSHning Arizona shtati, Tuson shahridagi bazasiga ko‘chib o‘tadi.
Eron jamoasi jahon chempionatidagi ishtirokini 15 iyun kuni Los-Anjelesda Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Shuningdek, ular «G» guruhida Belgiya va Misr terma jamoalariga qarshi maydonga tushishadi.