Bugundan Malayziya poytaxti Kuala Lumpur shahrida joylashgan Osiyo Futbol Konfederasiyasi bosh qarorgohida OFKning klublarni lisenziyadan o‘tkazish bo‘yicha seminari ish boshladi.
28 fevral – 1 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur seminarda qit’amiz futbol uyushmasiga a’zo 43 ta mamlakat futbol federasiyalari hamda futbol ligalari vakillari, shuningdek, klublarning lisenziyalash bo‘yicha menejerlari bilan bir qatorda FIFA, UEFA va CAFning mutaxassislari ishtirok etishmoqda.
Seminar kun tartibidan o‘rin olgan asosiy masala – futbol klublari ish faoliyati va infratuzilmasini yaxshilashda lisenziyadash jarayoni ahamiyati yuqori ekani va ortda qolgan 2018 yilgi mavsumda klublarni lisenziyadan o‘tkazish jarayonida ko‘zga tashlangan yutuq va kamchiliklarni muhokama etib, yangi mavsumda Yevropa va jahon tajribasidan unumli foydalanish sanaladi.
Seminarda ishtirok etgan OFK bosh kotibi – janob Vindzor Jon so‘nggi yillarda qit’amizning barcha mamlakatlarida ham klublarni lisenziyash jarayoni muhimligiga e’tibor qaratilayotganidan mamnun ekanini bildirib, lisenziyalash talablari yuqori bo‘lishi klublarning yaxshi infratuzilmaga ega bo‘lishini ta’minlashini alohida qayd etdi.
Ta’kidlash joiz, mazkur seminarda OFKning klublarni lisenziyadan o‘tkazish ishlarini muvofiqlashtirish qo‘mitasi a’zosi sanaluvchi O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Omon G‘ofurov ham ishtirok etmoqda.
Seminarning birinchi kunida asosan FIFA vakillari lisenziyalash jarayonining nozik jihatlari haqida batafsil ma’lumot berishdi. Ertaga esa ushbu jarayon qita’miz ligalarida qanday amalga oshirilayotgani, undagi yutuq va kamchiliklar muhokama etilishi ko‘zda tutilgan.