O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi va SSKA sobiq futbolchisi Abbosbek Fayzullayev «SE» nashriga bergan intervyusida Moskva klubiga qaytish imkoniyatini ko‘rib chiqmayotganini ma’lum qildi.
— SSKAdan ketganingizdan keyin Turkiyaning «Istanbul Bashaxshehir» klubidagi mavsum haqida gapirib bersangiz. U yerga o‘tishingiz qanday yuz berdi va jarohatlar tufayli ikki bor uzoq muddatni o‘tkazib yuborganingizni hisobga olsak, bundan afsuslanmaysizmi?
— Hech narsadan afsuslanmayman, nimaiki bo‘lsa — yaxshilikka. O‘tish jarayonining o‘zi juda qiyin bo‘lgandi. Boshida ular meni ro‘yxatdan o‘tkaza olishmadi va men ko‘p vaqt yo‘qotdim — adashmasam, uch hafta. Jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkaza olmay, o‘zim alohida ishladim.
Bu esa jismoniy holatimga ta’sir qildi, menimcha, jarohatlar ham shu sababli boshlandi. Bungacha faoliyatimda biror marta ham jarohat olmagandim, o‘yinlarni o‘tkazib yubormasdim. Bu yerda esa biroz vaqt yo‘qotilgani bois sport formam yuqori darajada emasdi. Lekin keyinchalik ko‘nikib ketdim, undan so‘ng jamoaga yangi murabbiy keldi.
— Nuri Shahin, u ajoyib futbolchilik faoliyatini o‘tkazgan va o‘tgan mavsumdan oldin Dortmundning «Borussiya» klubini boshqargan edi.
— Ha. U menga ishona boshladi va uning kelishi bilan o‘zimni ancha yaxshi his qila boshladim. Umuman olganda, Turkiyadagi birinchi mavsumimda o‘zimni yuz foiz ko‘rsata oldim, deb aytolmayman, lekin takrorlayman, hech narsadan afsuslanmayman. Chunki men o‘z orzum sari intilyapman.
— Istanbulda O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov bilan birga o‘ynaganingiz qanchalik yordam berdi?
— Albatta, jamoada vatandoshing bo‘lishi chempionatga va boshqa mamlakatga ko‘nikishda juda katta yordam beradi. Buning ustiga, biz juda yaxshi do‘stmiz, ko‘p muloqot qilamiz. U yerda uylarimiz ham juda yaqin, piyoda uch-to‘rt daqiqalik yo‘l. Menimcha, bir jamoaga o‘tganimiz ikkalamiz uchun ham juda yaxshi bo‘ldi. Transferdan oldin Eldorning ham u yerga o‘tishi mumkinligini eshitgandim va bu mening u klubga borishimga sabablardan biri bo‘lgandi.
— Yaqinda SSKAga qaytishingiz mumkinligi haqida mish-mishlar tarqaldi. Sizga haqiqatan ham qiziqish bildirishmoqdami?
— Bundan xabarim yo‘q. Hozir u yerga qaytish noto‘g‘ri qaror bo‘lgan bo‘lardi, chunki men o‘z rivojlanishimda yangi qadam tashlab bo‘ldim. Yevropaning kuchli beshlik (Top-5) ligalariga o‘tishni xohlayman va agar bu yerda yaxshi o‘yin ko‘rsatsam, Xudo xohlasa, orzum amalga oshadi.
Fayzullayev 2023 yilning avgust oyidan 2025 yilning iyul oyiga qadar SSKA sharafini himoya qilgan. Xavbek «harbiylar» safida barcha turnirlarda 72 ta o‘yin o‘tkazib, 8 ta gol urgan va 22 ta golli uzatmani amalga oshirgan.