Aralash jang san’ati (MMA) bo‘yicha o‘rta (-84 kg) vazn toifasida oktagonga chiqib kelayotgan Mahmud Muradovning (23-6, 14 KO) UFCdagi ilk jangini g‘alaba bilan boshladi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri manbalari xabar bermoqda.
Mahmud Muradov Daniya poytaxti Kopenhagenda bo‘lib o‘tayotgan UFC Fight Night 160 turnirida italiyalik Alessio di Kirikoga (12-4, 9 KO) qarshi oktagonga ko‘tarildi. Uch raund davom etgan bahsda dastlabki ikki raundda Mahmud ustunlik qildi va ko‘proq zarbalar berdi. Uchinchi raundda esa u jismonan toliqib qoldi va italiyalik jangchi ko‘proq zarba berdi. Ammo yakunda hakamlarning xulosasiga ko‘ra, Muradov g‘alaba qozondi. Barcha hakam bir ovozdan 29:28 hisobida Muradovning g‘alabasini e’tirof etishdi.
Ta’kidlab o‘tish joiz, Mahmud Muradov UFC bilan to‘rtta jangga shartnoma imzolagan. Jangdagi natijalarga qarab bu muddat yana uzaytirilishi mumkin bo‘ladi. U mazkur nufuzli turnirda ishtirok etgan ilk o‘zbekistonlik sportchi sifatida tarixda qoldi.