Kanada terma jamoasi bosh murabbiyi Jessi Marsh O‘zbekistonga qarshi o‘yindan keyin o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
— O‘yin haqidagi umumiy fikrlaringiz qanday?
— Ha, umuman olganda, yaxshi o‘yin ko‘rsatdik deb o‘ylayman. Jamoamizda ko‘plab yaxshi individual chiqishlar bo‘ldi. O‘yindan keyin ham gaplashdik: agar ayrim jihatlarni yanada yaxshilasak, uchrashuvni yanada ko‘proq nazorat qila olamiz. Ammo O‘zbekiston osonlikcha imkoniyat berib qo‘yadigan jamoa emas. Ular himoyada juda ishonchli harakat qilishadi. Biz ikkita gol urdik, yana ko‘prog‘ini ham kiritishimiz mumkin edi. Qarshi hujumlarda juda xavfli ko‘rindik va ko‘plab futbolchilar yaxshi o‘yin namoyish etdi.
Ko‘p yigitlarning deyarli 100 foiz tayyor holatga kelgani, jismoniy jihatdan yaxshi ko‘ringani quvonarli. Shuning uchun natijadan mamnunman. Bu biz uchun yaxshi birinchi uchrashuv bo‘ldi. Endi bu o‘yindan xulosa chiqarib, keyingi bahsda yanada kuchliroq bo‘lishimiz kerak.
— Ko‘plab qoidabuzarliklar bo‘lgan va jarohatdan qaytayotgan futbolchilar ishtirok etgan shunday og‘ir sharoitda murabbiy sifatida o‘zingizni qanday his qildingiz? Xavotir bor edimi?
— Yo‘q, yo‘q. Maydon aslida yaxshi holatda edi. Ha, sirpanish va keskin to‘p olib qo‘yishlar uchun sharoit bor edi, lekin umuman olganda maydon yaxshi holatda. Ba’zi shunday uchrashuvlarda futbolchilar jarohat olishdan qo‘rqib, intensivlikni pasaytirib qo‘yishadi.
Biz esa, jarohatlar bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, diqqatni yo‘qotmasligimiz kerakligini ta’kidladik. Har bir kundan unumli foydalanishimiz, oldinga harakat qilishimiz, maqsadlarimizga sodiq qolishimiz va o‘sish hamda rivojlanishda davom etishimiz lozim. Shuningdek, kelajakdagi o‘yinlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.
Menimcha, yigitlarning ruhiy holati bugun mutlaqo ideal darajada bo‘ldi. Bu esa yaxshi o‘yin ko‘rsatishimiz va munosib g‘alabaga erishishimizga yordam berdi.