Germaniyaning Dyusseldorf shahrida dzyudo bo‘yicha Katta dubulg‘a turniriga kiruvchi musobaqaning so‘nggi kuni vakillarimiz uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Biroz avval -100 kilogramm vazn toifasida Muhammadkarim Xurramov final bahsida ishtirok etdi.
Rio Olimpiadasi finalchisi, ozarbayjonlik Elmar Gasimovga qarshi kurashgan surxondaryolik polvonimiz qo‘shimcha vaqtda g‘alabani o‘z foydasiga hal qildi va jamoamizning musobaqadagi ikkinchi oltin medaliga mualliflik qildi.
Bu Xurramovning Katta dubulg‘a turnirlaridagi ilk finali va dastlabki medali ham bo‘ldi. Shu tariqa ushbu sportchimiz ham Tokio Olimpiadasi yo‘lida 1000 reyting ochkosini o‘z hisobiga yozib qo‘ymoqda.