Bugun O‘zbekiston Superligasida 5-tur oo‘z yakuniga yetadi. Kun doirasidan 2 ta o‘yin o‘rin olgan. Andijonda mezbonlar bekobodlik futbolchilarni qabul qilishsa, "Mash’al" va "Nasaf" voha derbisida o‘zaro maydonga tushadi. Men bugun "Andijon" - "Metallurg" uchrashuvida ishlayman va ushbu o‘yin haqida to‘xtalib o‘tsak.
O‘yinning ahamiyati:
Bugun "Andijon" mavsumdagi birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritadimi yoki "Metallurg" ortga 3 ochko bilan qaytib, yetakchilar qatoriga qo‘shilib oladimi?
- "Andijon" o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yib, mavsumni boshlagan edi. Ammo bir necha qimmatli ochkolar boy berildi. "Lokomotiv"-"Andijon" 2:1, "Nasaf"-"Andijon" 2:1, "Andijon"-"Navbahor" 0:0. Shundan so‘ng, Xomyakov ketib, Kumikov keldi. Restartdan so‘ng ilk o‘yin safarda "Buxoro"ga qarshi o‘tib, jamoa 1 ochko ishladi. "Buxoro"ga qarshi o‘yinda Viktor Kumikov jamoa bilan birga edi, ammo rasman bosh murabbiy sifatida ko‘rinish bermadi. Bugun "Metallurg"ga qarshi Kumikov rasman debyutini o‘tkazishi mumkin ("Andijon" FK matbuot xizmati).
- Andrey Shipilov qo‘l ostida "Metallurg" joriy mavsumni yaxshi boshladi. Safarda AGMK bilan durang, keyin "Qo‘qon-1912" mag‘lub qilindi. 3-turda "Paxtakor"ga qarshi o‘yinda imkoniyat bor berilgan bo‘lsa, 4-turda "Lokomotiv"dan 3 ochko tortib olindi - 7 ochko.
Tarix
- Jamoalar O‘zbekiston chempionatlari tarixida 36 bor to‘qnash kelgan. "Andijon"da 12 ta, "Metallurg"da 14 g‘alaba bor. 10 o‘yin durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati 54-60 ("Metallurg" matbuot xizmati ma’lumoti).
Imkoniyatlar
- "Andijon" o‘z maydonida, Kumikov qo‘l ostida dastlabki g‘alabani qo‘lga kiritib, muxlislarni xursand qilish uchun 200% kuch bilan o‘ynashi aniq. "Andijon"da jamoaviy o‘yin shakllangan. 3-turda "Navbahor"ga qarshi o‘yinda "burgutlar" ajoyib harakat qilishgandi.
Hozircha 3 gol muallifi Jamshid Hasanov bugun ham gol urib, to‘purarlar qaroridan joy olishga intiladi.
- Andrey Shipilov taktik murabbiy ekanini isbotlab bo‘lgan. "Metallurg" natija uchun harakat qiladi. Ikkinchi raqamda to‘p suruvchi bekobodliklardan ehtiyot bo‘lish lozim. Qarshi hujum ancha tez.
Abrorbek Toshqo‘ziyevda 2 ta gol bor, Shahzodbek Ubaydullayev, Stanislav Andreev, Murod Bobojonov va Salomat Quttiboyev 1 tadan to‘p kiritishgan.
Zuhriddin Qilichev