O‘tgan oy davomida og‘ir atletika bo‘yicha ilk bor xalqaro onlayn musobaqa tashkil qilinib, mazkur turnir ko‘plab mutaxassislar, keng sport jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otgan edi. Vakillarimizning muvaffaqiyatli ishtirokidan ruhlangan O‘zbekiston og‘ir atletika federasiya ham jonbozlik ko‘rsatib, ana shunday yirik turnir o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi va ushbu sport turi bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kubogi” onlayn xalqaro turnirini tashkil qilmoqda.

Bugun Xalqaro og‘ir atletika federasiyasi (IWF) hamda O‘zbekiston og‘ir atletika federasiyasining rasmiy vakillari mana shu masalaga bag‘ishlgangan videokonferensiya tashkil qilishdi. Unda IWF nomidan tashkilot vise-prezidenti, texnik qo‘mita raisi Niko Vlad, IWF vise-prezidenti, rivojlanish va ta’lim komissiyasi boshlig‘i Xose Karlos Kuenyos va boshqa bir qator martabali vakillar, mamlakatimiz tomonidan O‘zbekiston og‘ir atletika federasiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, IWF Ijroiya qo‘mitasi a’zosi Shahrullo Mahmudov boshchiligidagi federasiyasi vakillari qatnashdi. Kun tartibidan 28-30 avgust kunlari “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kubogi” onlayn xalqaro turnirini tashkil qilish masalasi o‘rin oldi. Ta’kidlash joiz, xalqaro mutasaddilar mazkur tashabbusni katta qiziqish bilan qo‘llab-quvvatlashdi. Suhbat yakunida tomonlar ushbu bahslarni katta masshtabda yoritib borish borasida kelishib olishdi.

Yurtimizning bunday tashabbus ko‘rsatayotganini eshitgan hamono bir qator mamlakatlar, jumladan, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Qozog‘iston, Latviya, AQSH kabi terma jamoalar ushbu turnirda ishtirok etish istagini bildirishgan. Umuman olganda, bo‘lajak musobaqada 40 ga yaqin mamlakat vakillari ishtiroki kutilmoqda. O‘z navbatida, karantin davrida bo‘lishimizga qaramasdan, mamlakatimiz sporti rivoji yo‘lida tashkil qilinayotgan mazkur musobaqaning o‘tkazilishiga hukumatimiz ham xayrixohlik bildirayotganini ta’kidlash joiz. Bu borada musobaqa g‘olib va sovrindorlari uchun pul mukofotlari ajratilishi ma’lum qilindi. Bu esa musobaqaga bo‘lgan qiziqishning yanada ortishiga sabab bo‘ladi.

O‘tgan oy o‘tkazilgan ilk xalqaro onlayn turnir tashabbuskori Lotin Amerika davlatlari bo‘lib, bellashuvlar ham ushbu mintaqa vaqtiga qarab belgilangani bois, vakillarimiz bizning vaqt bilan yarim tunda chiqish qilishgan edi. O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston og‘ir atletika federasiyasi hamkorligida tashkil qilinadigan bo‘lajak musobaqa esa Toshkent vaqti bilan o‘tkaziladi.