So‘nggi paytlarda o‘zini MMA jangchisi sifatida ham sinab ko‘rayotgan taniqli so‘z ustasi va shoumen Elmurod Haqnazarov navbatdagi jangiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu safar unga oktagonda boks bo‘yicha Rio—2016 Olimpiadasi g‘olibi Fazliddin G‘oyibnazarov raqiblik qiladi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu qiziqarli to‘qnashuv 30-may kuni Namangan shahridagi “Pahlavon” sport majmuasida bo‘lib o‘tadi. Bahs sport kurashlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan “O‘zbek botirlari” Gran-prisi doirasida tashkil etiladi.
E’tiborli jihati, ikki sportchi (biri havaskor, biri professional) o‘rtasidagi jang boks yoki MMA emas, balki erkin kurash qoidalari asosida kechadi.
Ma’lumot o‘rnida, Elmurod Haqnazarov shu paytgacha aralash yakkakurashlar bo‘yicha ikkita jang o‘tkazib, ularning har ikkisida zafar quchgan. U ilk marta Turkistonda o‘tgan Alash Pride FC 113 turnirida rossiyalik Mixail Sigankovga qarshi bahs olib borib, birinchi raundning o‘zidayoq raqibini bo‘g‘ish usuli bilan taslim etgan. Uning ikkinchi jangi esa 18-dekabr kuni Olmaotadagi Alash Pride FC 115 turniri doirasida braziliyalik Pedro Lopesga qarshi oktagonga ko‘tarilgan va g‘alabali seriyasini davom ettirgan edi.
G‘oyibnazarov oxirgi jangini Rossiyaning Sochi shahrida o‘tkazilgan boks oqshomida WBA yo‘nalishining sobiq chempioni Rajab Butayevga qarshi o‘tkazgan edi. 10 raundga mo‘ljallangan jang to‘rtinchi raundda Butayevning g‘alabasi bilan yakunlangan. Bu G‘oyibnazarov uchun professional boksdagi uchinchi mag‘lubiyat bo‘ldi. Hozirda uning hisobida 11 ta g‘alaba va 3 ta mag‘lubiyat mavjud.