O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 29 yilligi munosabati bilan ajoyib tanlov e’lon qilganidan xabaringiz bor. Bugun mazkur tanlov o‘z yakuniga yetgani haqida rasman e’lon qilamiz.

20-24 avgust kunlari roppa-rosa 5 sutka davom etgan uchinchi tanlovda 2011-2020 yillardagi eng yaxshi 5 nafar sportchimiz nomi ovozga qo‘yildi. Jarayonda 100 mingga yaqin hamyurtimiz ishtirok etdi. Ular orasida afsonaviy Oksana Chusovitina 35 639 ovoz (36%) to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi. Bir necha kun murosasiz davom etgan tanlovda professional boks bo‘yicha WBA va IBF kamarlari sohibi Murodjon Ahmadaliyev esa 29176 ovoz (29%) bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Batafsil:

1. Oksana Chusovitina – 35639 ovoz (36%)
2. Murodjon Ahmadaliyev – 29176 ovoz (29%)
3. Ruslan Nurudinov –15842 ovoz (16%)
4. Rishod Sobirov – 11494 ovoz (11%)
5. Shahobiddin Zoirov – 7760 ovoz (8%)

O‘z navbatida, Milliy olimpiya qo‘mitasi mazkur tanlovda ishtirok etgan barcha muxlislarga tashakkur aytib, barchani kelgusi dasturlarda ham faol ishtirok etishga chorlab qoladi.

Ma’lumot uchun, Chusovitina Oksana Aleksandrovna 1975 yil 19 iyun kuni Buxoro shahrida tug‘ilgan. Jahonda sport gimnastikasi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p ishtirok etgan sportchi (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016).

1992 yil Barselonada o‘tgan Olimpiya o‘yinlari oltin medali sohibi, tayanib sakrash yo‘nalishi bo‘yicha 9 karra jahon chempionati sovrindori.

Tayanib sakrash, erkin mashq va parallel to‘sinlarda bir necha murakkab elementlar muallifi. Osiyo o‘yinlari va Osiyo chempionati g‘olibi, faoliyatini yakunlamasdan turib Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish bo‘yicha (sport gimnastikasida) Xalqaro gimnastika shon-sharaf zali va “Ginnesning rekordlari” kitobiga o‘z nomini yozdirib qo‘ygan.

2019 yil Germaniyaning Shtutgart shahrida o‘tkazilgan sport gimnastikasi bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtiroki orqali Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Tokio Olimpiadasi Chusovitina uchun faoliyatidagi sakkizinchi Olimpiada bo‘ladi.

Oksana Chusovitinaning yurtimiz sporti rivojiga qo‘shgan hissasi hukumatimiz tomonidan yuksak baholanib, u davlatimiz tomonidan «Do‘stlik», «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati» ordenlari, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» va «O‘zbekiston iftifori» faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.