Tel-Aviv shahrida dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi musobaqaning birinchi kun bellashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Quvonarlisi, ushbu kun dasturida terma jamoamizning ikki nafar vakili bronza medalini qo‘lga kiritishdi.
-66 kg vazn toifasida kurashni boshlagan Sardor Nurillayev va Muhriddin Tilovov yakunda shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldilar. Bu borada ularning bosib o‘tgan yo‘li ham o‘xshash. Har ikki vakilimiz chorak finalda imkoniyatni boy berishdi va dastlab bronza medali uchun o‘tish bosqichida, so‘ng uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda raqiblaridan ustun kelishdi. Nurillayev musobaqa debyutanti italiyalik Mattia Miselini mag‘lub etgan bo‘lsa, Tilovov rossiyalik Murad Chopanovni dog‘da qoldirdi.
Afsuski, musobaqa startida Diyora Keldiyorova (-52 kg) va Diyorbek O‘rozboyev (-60 kg) omadsizlikka uchrab, turnirni erta tark etishdi. Bugungi bahslardan so‘ng vakillarimiz o‘z hisoblariga quyidagi reyting ochkolarini yozib qo‘yishmoqda:
-52 kg: Diyora Keldiyorova – 10
-60 kg: Diyorbek O‘rozboyev – 10
-66 kg: Muhriddin Tilovov – 500
-66 kg: Sardor Nurillayev – 500