Soat sari yaqinlashib kelayotgan 2022 yildan barchamizning umidimiz katta. Bugun O‘zbekiston MOQ rahbariyati Qo‘mita xodimlarini kirib kelayotgan yangi yil bilan qutladi.
Uchrashuvda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosari Azizjon Kamilov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov hamda barcha xodimlar jam bo‘lishdi. Rustam Shoabdurahmonov ortda qolgan 2021 yil yakunlarini sarhisob qilar ekan, erishilgan yutuqlar va kamchiliklarni birma-bir sanab, 2022 yil Yangi O‘zbekiston uchun sport olamida unutilmas g‘alabalarni taqdim qilish yo‘lida astoydil mehnat qilinishini ta’kidladi.
Ta’kidlash joiz, 2022 yil nufuzli kompleks musobaqalar va yirik tadbirlarga boy bo‘ladi. Yanvar oyida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi o‘zining yubiley 30 yilligini qarshi olsa, yil davomida sportchilarimizni qishki Olimpiya o‘yinlari, yozgi Osiyo o‘yinlari, Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari, Islom birdamligi o‘yinlari, Butunjahon Universiadasi va yoshlar Osiyo o‘yinlari kabi nufuzli musobaqalar, shuningdek, Toshkentda ilk bor o‘tadigan dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati kutib turibdi. Uchrashuvda so‘z olgan Ravshan Irmatov, Oybek Kasimov va Azizjon Kamilov mazkur musobaqalarga tayyorlanish yo‘lida barchaga kuch-quvvat tilab qolishdi.
Shuningdek, Rustam Shoabdurahmonov Turizm va sport vazirligi, Oliy sport mahorati maktablari, federasiya va assosiasiyalarimizni, sportchi va murabbiylarni kirib kelayotgan 2022 yil bilan MOQ nomidan samimiy tabrik yo‘lladi.