Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazayotgan "Bunyodkor" kecha ilk nazorat uchrashuvini Armanistonning “Alashkert” klubiga qarshi o‘tkazganidan xabaringiz bor.
O‘yindan so‘ng raqib jamoa ustozi Aram Voskanyan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Yaxshi o‘yin ko‘rdik. Bugungi bahs “Alashkert” uchun birinchi xalqaro nazorat uchrashuviga aylandi. Shogirdlarimda charchoq alomatlari bor. Sababi, o‘tgan mavsum biz uchun qiyin kechdi. Yil davomida tig‘iz taqvim bo‘yicha musobaqalarda qatnashdik. Dekabr oyining o‘rtasidagina biz uchun mavsum yakunlandi. Yanvar oyidayoq yangi mavsumga tayyorgarlikni boshladik. Shu vaqtgacha faqat mashg‘ulotlar bilan cheklangandik. Umumiy ma’noda bugungi o‘yindan qoniqish hosil qildim. Ikki xil tarkibda harakat qildik. Asosiy maqsadim, futbolchilarning holatini ko‘zdan kechirish va kim qaysi jamoadoshi bilan bir-birini tushunib to‘p surayotganini hamda chiziqlardagi bog‘liqliklarni bilish edi.
“Bunyodkor” haqida nima deyishim mumkin? O‘z vaqtida Rivaldo kabi jahon tan olgan yulduzlar to‘p surgan klub bugungi raqibimiz. To‘g‘ri, bugungi kunda jamoaning ichki siyosati o‘zgargan. Shunday bo‘lsa-da, raqibning yosh o‘yinchilarining harakati menga manzur bo‘ldi. Tezkor va texnik tomondan kuchli futbolchilar ekan. Jamoaning o‘zi taktik tomondan ham juda yaxshi harakat qildi. Natija biz uchun ijobiy deyish mumkin. Boisi, jiddiy raqibga qarshi to‘p surdik" - dedi murabbiy.