Men In Blazers muxbiriga bergan intervyusida UYEFA prezidenti Aleksander Cheferin YECHL turnirining kelajagi xususida qiziqarli axborot bilan o‘rtoqlashdi.
Unga ko‘ra, klub turnirining hal qiluvchi uchrashuvlari AQSHda o‘tkazilishi mumkin. Qiziq, naxotki yaqinda Superliga loyihasi, globalizasiya rejalarini ayovsiz tanqid qilgan Cheferin qarorini butunlay o‘zgartirgan bo‘lsa?
«Shunday bo‘lishi mumkin. YECHLning finali bu yil Istanbulda, 2024 yilda Londonda, 2025 yilda Myunxenda o‘tkaziladi. U yog‘ini o‘ylab ko‘ramiz. Hozir futbol ummon ortida juda ommaviylashib ketdi. Amerikaliklar Yevropa klublarini yevropalik muxlislar MBA klublarini kuzatganlaridek kuzatishmoqda. Bu kelajak uchun o‘ta manfaatli bozor. Hozircha, amerikalik homiylar salmog‘i uncha ko‘p emas, lekin kommersializasiya bobida ular bizdan ko‘ra bilimdonroqlar. Ochig‘i, AQSHda Yevro-2020ning finalini MBA finaliga nisbatan ko‘proq muxlis tomosha qilganligi meni lol qoldirdi», - dedi sloveniyalik funksioner.
O‘tgan yil avgustida UYEFA Amerikaning Paramount Global kompaniyasiga o‘z tasarrufidagi barcha klub musobaqalari translyasiya qilish huquqini sotdi. AQSHliklar 6 yillik shartnoma uchun 1,5 mlrd. dollar to‘ladilar. Avvalgi kelishuvga ko‘ra har mavsum uchun 100 mln. sarflangan bo‘lsa, endi 250 mln.dan sarflaydilar. Yangi hamkorlikni UYEFA rahbari YECHL guruh bosqichi doirasidagi bir nechta uchrashuvlarini Nyu-York, Mayami yoki Los-Anjelesda o‘tkazish bilan boshlash va yakunda «To‘rtlik finali»ni tashkil etish niyatida.
Yangi shartnoma 2024/2025 yillar mavsumida, YECHL ishtirokchilari soni 36taga yetkazilgan va uchrashuvlar soni ko‘payadigan «Shveysariya modeli»ni qo‘llash bilan kuchga kiradi. Ungacha guruh bosqichi bellashuvlari 6ta bo‘lsa, endi 8ta jamoa o‘zaro (4tasi o‘z maydonida, 4tasi safarda) sinashadi.
Shuningdek, jamoalarni kichik guruhlarga ajratishga chek qo‘yiladi, 36ta jamoa yagona turnir jadvalidan joy oladi. Taqvim oldindan tuzilmaydi va har bir jamoaning natijalariga bog‘liq bo‘ladi. Yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan klublar o‘zlariga mos raqiblari bilan kuch sinashadilar, autsayderlar zaif klublarga qarshi to‘p suradilar. Barcha jamoalarda yuqori o‘rinlarga ko‘tarilish imkoniyati bo‘ladi. Hatto omadsiz jamoalar ham bir necha marta toplarga qarshi maydonga tushadilar. Qisqasi, guruh bosqichida hozirgi 96 uchrashuv 144taga yetadi va teng kuchli jamoalarning o‘zaro qarama-arshiliklari ko‘payadi.
Cheferin rahbarligidagi UYEFA Yevropa futbolini faoliyat doirasini kengaytirish, top-chempionatlar va grandlarga ozgina erk berish sari yetaklamoqda. Qiziq, unda nima uchun Anyelli va Peres maslakdoshlarining loyihasini keskin tanqid qildi. Axir ular ham top-klublarning xorijda to‘p surishlarini milliy ligalar, sport natijalari va moliyaviy barqarorlik muhimligini unutmagan holda rejalashtirgan edilar.
Masalan, Superliga bosh direktori Bernd Rayxart tomonidan chop etilgan 10 bandli hujjat fikrimizni tasdiqlaydi:
1. Sport natijalari turnirning asosini tashkil etadi.
Superligada 60dan 80tagacha jamoa ishtirok etadi. U bir necha divizionlarga bo‘lingan ochiq turnir bo‘ladi. Daromadlar barcha klublar o‘rtasida taqsimlanadi. Superligadagi ishtirok klubning mavsumdagi natijasiga bog‘liq. Turnirda doimiy a’zolar bo‘lmaydi.
2. Milliy chempionatlar - futbolning o‘zagi.
Jamoalar milliy birinchilikdagi ishtirokni davom ettiradilar. Superliga joriy etilganidan keyin milliy chempionatlar yanada qiziqarli o‘tishi kutilmoqda. Chunki yangi turnir ularga qo‘shimcha resurslarni hadya etadi.
3. Barqaror daromadlar hisobiga raqobatbardoshlik kuchayadi.
Daromadning o‘sishi va moliyaviy barqarorlik evaziga klublar yanada raqobatbardosh bo‘ladilar. Superliganing saralashidan o‘tgan jamoalarga har mavsumda qit’a miqyosida 14ta o‘yin o‘tkazish kafolatlanadi. Buning evaziga daromadlar oldinda hisoblasa bo‘ladigan va barqaror bo‘ladi.
4. O‘yinchilar salomatligi - eng dolzarb masala.
Yil davomidagi uchrashuvlar sonini futbolchilar salomatligini saqlash mavzusidan kelib chiqqan holda belgilash lozim. Kasaba uyushmalarini jalb etish kerak. Uchrashuvlar hozirgidan ko‘p bo‘lmasligi, uchinchi tomon futbolchilarni yangi turnir yoki amaldagi musobaqaning kengaytirilgan variantida o‘ynashga majbur etmasligi shart.
5. Moliyaviy barqarorlik qoidasiga qat’iy rioya qilish shart.
Yevropa musobaqalarini klublar tashkil etishlari lozim. Harajatlar faqat ishlab topilgan vositalar yordamida, sarmoyalarni qo‘shmagan holda qoplanadi. Moliyaviy barqarorlik qoidasi klublarga ish haqi va transferlar uchun yillik daromadning ma’lum foizini sarflash imkoniyatini berishi lozim.
6. Dunyodagi eng maftunkor futbol musobaqasi.
Yangi turnir dunyodagi eng qiziqarli sport tomoshasi unvoniga da’vogarlik qilishi kerak. Sportni dunyoga tarqatish bilan band bo‘lgan yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash maqsadida eng yaxshi o‘yinchilar mavsum davomida uchrashib turishlarini tashkil etish mumkin.
7. Fanatlar fikri juda muhim.
Futbol saviyasini oshirish borasida muxlislar bilan muloqotda bo‘lish yaxshi samara beradi. Ularning safar uchrashuvlariga borishlarini qo‘llab,quvvatlash darkor. Stadionlar sifati a’lo darajada bo‘lishi uchun infratuzilma standartlarini belgilash lozim.
8. Ayollar futboli moliyaviy qudratini oshirish.
Ayollar futbolini yanada rivojlantirish uchun uning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish talab etiladi. Sarmoyalar faqat professional klublar emas, havaskor jamoalar uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
9. Birdamlik to‘lovlari hajmini oshirish.
Superligada qatnashmaydigan klublarga, shuningdek, ijtimoiy maqsadlarga ajratiladigan mablag‘ 400 mln. yevroga - hozirgidan ikki baravar ko‘proq miqdorga yetkaziladi.
10. YEI qadriyatlari va qonunlari hurmat qilinishi shart.
YEIdagi qadriyatlar, qonunlar va erkinliklar klub futbolining asosini tashkil etishi lozim. Sport tribunallari yurisdiksiya faqat sport masalalari bilan shug‘ullanishi, boshqa har qanday bahslar tegishli sudlarda ko‘rib chiqilishi, sudlarning faoliyatlari YEIning sud tizimi orqali qat’iy nazorat ostida bo‘lishi shart.
Aleksander Cheferin, UYEFA prezidenti: «Mazkur loyiha faqat nashrlarda chop etish va ayrim aloqador shaxslarning xudbinliklari tufayli hanuzgacha ishlov berish jarayonida. Ular UYEFA bilan munozaraga kirishish zarurati paydo bo‘lib qolganida o‘z pozisiyalarini mustahkamlash uchun nimalarnidir qilishga urinmoqdalar. Biroq muhokamaga arziydigan hech narsa yo‘qligini tushunishni istamayaptilar. qizig‘i shundaki, o‘zini futbol xaloskori rolida tasavvur qilayotgan 3 klubning bittasiga nisbatan byudjetdagi qallobliklar, ikkinchisiga hakamlar qo‘mitasi rahbarlaridan biriga pul o‘tkazgani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Qani, ko‘raylikchi, uchinchi «xaloskor»ning holi qanday kecharkin. Ular futbolni qanday qutqarishlarini kuzatish ham qiziqarli».
UYEFA va uning rahbarini tushunish mumkin. Superligani tanqid qilishdan ular nimani ko‘zlaganlari aniq: Yevropadagi nufuzli turnirlar jilovini o‘z qo‘llarida saqlab qolish uchun tashkilotdagi hukmronlik mavqelarini va monopoliyani boy bermaslik. Superliga loyihasining tashabbuskorlari bo‘lmish «Barselona», «Real» va «Yuventus» mutasaddilarini qay yo‘sinda tanqid ostiga olgani, UYEFA esa mazkur g‘oya uchun qulog‘ini kar, ko‘zini ko‘r qilib olgani ham qiziq. Biroq keyin o‘z tasarrufidagi turnirlarni yuqorida zikr etilgan prinsiplar asosida tashkil etayotgani ham haqiqat.
S.RAHMONOV tayyorladi