Hakamlar texnik qo‘mitasi (CTA) sobiq vise-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraning sog‘lig‘i yomonlashdi, deya xabar bermoqda El Mundo nashri.
Sud-tibbiy ekspertizasi unda «Alsgeymer kasalligi ehtimoli» borligini tasdiqlamoqda, shu sababli u sud oldida javob bera olmaydi. Avvalroq Negreyra sudyadan uning ahvolini baholash uchun ekspertiza tayinlashni so‘ragan edi. U sudda o‘zini lozim darajada himoya qilishiga xalaqit beradigan kognitiv buzilishlardan aziyat chekayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, «Barselona» klubi va uning rahbariyati Ispaniya qirollik futbol federasiyasida (RFEF) faoliyat yuritgan Negreyraga pul to‘lagani, ya’ni pora berganlikda ayblangan edi. Negreyra «Barsa»ning sobiq prezidentlari Jozep Bartomeu va Sandro Rosel bilan bir qatorda, 2001 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda klubdan 7 million yevrodan ortiq mablag‘ olganlik bo‘yicha tergov qilinmoqda.
Qayd etilishicha, Negreyraning ahvoli 2024 yilning 18 yanvarida o‘tkazilgan avvalgi tekshiruvga qaraganda ancha yomonlashgan. Shu tariqa, Hakamlar texnik qo‘mitasi sobiq vise-prezidenti sud jarayonida ishtirok eta olmaydi.
Tibbiy ko‘rik uning advokati so‘roviga binoan o‘tkazilgan bo‘lib, himoyachi mijozining sog‘lig‘i keskin yomonlashgani va u sudda o‘zini to‘liq himoya qila olmasligini da’vo qilgan edi. Tekshiruvlar yakunda uning so‘zlarini tasdiqladi.
Yangi tibbiy xulosani hisobga olgan holda, Negreyra hozirgi og‘ir sog‘lig‘i sababli ayblanuvchilar kursisiga o‘tira olmaydi va ochiq sud majlisida qatnashmaydi.