Bugun 10 iyun, 2026 yil, chorshanba.

«
»

Turnir jadvali

Jamoa O' O
1 Arsenal 38 85
2 Manchester Siti 38 78
3 Man. Yunayted 38 71
4 Aston Villa 38 65
5 Liverpul 38 60
6 Bornmut 38 57
7 Sanderlend 38 54
8 Brayton 38 53
9 Brentford 38 53
10 Chelsi 38 52
11 Fulhem 38 52
12 Nyukasl 38 49
13 Everton 38 49
14 Lids 38 47
15 Kristal Pelas 38 45
16 Nottingem Forest 38 44
17 Tottenhem 38 41
18 Vest Xem 38 39
19 Byornli 38 22
20 Vulverhempton 38 20

O'tgan o'yinlar.

38-тур Byornli 1-1 Vulverhempton
38-тур Kristal Pelas 1-2 Arsenal
38-тур Fulhem 2-0 Nyukasl
38-тур Liverpul 1-1 Brentford
38-тур Manchester Siti 1-2 Aston Villa
38-тур Nottingem Forest 1-1 Bornmut
38-тур Sanderlend 2-1 Chelsi
38-тур Tottenhem 1-0 Everton
38-тур Vest Xem 3-0 Lids

Navbatdagi o'yinlar.

01/01/70 Brayton - Man. Yunayted

So'rovnoma

Xozircha so'rovnoma o'tkazilmayapti.

TV dasturlar

Blogdagi o‘zgarishlar

Teglar buluti

Xabarlar arxivi

Vataru Endo: «Yaqin maqsad – Osiyo kubogida g‘alaba qozonish»

Baho:
+ | -
OSIYO / Futbolchilar
Rukn: Intervyular
A A A

2019 yili «Shtutgart» safiga qo‘shilgan yaponiyalik yarim himoyachi Vataru Endo qisqa vaqt ichida Bundesliga klubining ajralmas qismiga aylandi.

Endo maydonda beg‘ubor qiyofasini o‘zgartirmasdan mudom faol harakatlanishi bilan ko‘pchilik e’tiborini o‘ziga tortdi. Xususan, tinim bilmas yaponning ketma-ket ikki mavsum davomida Germaniya chempionatida yakkama-yakka duellarning aksar qismida ustun kelayotgani keng darajada e’tirof etildi. Yaponiya milliy jamoasi yulduzining ushbu sa’y-harakati besamar ketmadi - unga «Shtutgart» sardorlik bog‘ichini ishonib topshirishdi. «Kunchiqar yurt» futbolining bugungi eng ilg‘or vakillaridan biri hisoblangan 30 yoshli yarim himoyachi yaqinda FIFA rasmiy sayti jurnalistlarining intervyu haqidagi iltimoslarini rad etmadi. Muxbirlar shu tariqa undan o‘yini sifatini qanday yaxshilagani haqida so‘rashdi, futbolchining Qatar mundialiga bog‘liq taassurotlari bilan qiziqishdi. Endo shuningdek, yaqin kelajak uchun o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi yuzasidan berilgan savolga ham javob qaytardi.

- Vataru, «Shtutgart»ga o‘tganingizdan buyon o‘yinning qaysi elementi bo‘yicha yaqqol o‘sishga erishdingiz?

- O‘ylaymanki, Bundesligadagi tajriba va raqobat ortidan o‘yinim umumiy holda rivojlandi, har bir jihat ma’lum darajada yaxshilandi. Shubhasiz, nisbatan keskin kurash va tezkor futbolga asoslangan ligada o‘ynash mendan umumiy ko‘nikmalar, ayniqsa, texnik-jismoniy tayyorgarlik, maydonda tezkor qaror chiqarish kabi xususiyatlarni yaqqol rivojlantirishni talab qildi. Lekin shaxsiy fikrimcha, Germaniyadagi qisqa faoliyatim davomida avvalo, tayanch yarim himoyachi rolidagi xususiyatlarim sezilarli darajada yaxshilandi. Shuningdek, yakkakurashlarda ustun kelish masalasida ham oldinga qadam tashladim. Ehtimol, eng katta o‘zgarish aynan tayanch zonasidagi harakat ko‘lami va yakkama-yakka duellarga bog‘liqdir. Umuman, menda o‘yinning har bir elementi yaxshilanganini his qilyapman. Shuning barobarida hali mukammallashtiriladigan jihatlar ham yetarli, albatta.

- Bundesligada barqaror o‘yiningiz bilan nazarga tushdingiz. Tezlikni hamisha bir maromda ushlab turishingiz sirini ayta olasizmi?

- Barqarorlikda qandaydir alohida sir yo‘q, menimcha. Faqat shuni aytishim mumkinki, haftada bir marta murabbiy bilan yakka tartibda onlayn-rejimda qo‘shimcha mash­g‘ulotlar o‘tkazaman. Ushbu dars maydonda jarohatlardan qanday qochish mummkinligiga qaratilgan. Oddiy aytganda, qo‘shimcha mashg‘ulotlar vositasida jismoniy tayyorgarlik darajasini nazorat qilish va o‘yin vaqti tanamdan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganyapman. Muhimi, buning foydasi sezilyapti.

- Oxirgi 2ta JCHda Yaponiya milliy jamoasi tarkibidan joy oldingiz. Aytingchi, jahon chempionati siz uchun mohiyatan nimani anglatadi?

- Tabiiyki, bolaligimdan katta futbolchi bo‘lishni orzu qilganman. O‘sha vaqtdayoq o‘zim uchun yakdil xulosa chiqargandim - jahon chempionatida o‘ynash professional darajaga ko‘tarilganingni anglatadi. Oddiy ifoda etganda, mundialga eng yuqori bosqich sifatida qaraganman va shuni ko‘zlaganman. Afsuski, 2018 yili Rossiyada o‘tkazilgan jahon forumida yetarli o‘yin vaqtiga ega bo‘lmadim. Shunga qaramay, harakatni susaytirmadim va Qatar mundialida o‘zim xohlagan darajada to‘p surdim. Chunki bu vaqtga kelib, kuchli bosimga qanday qarshi turishni o‘rgandim. Futbolchi ming iqtidorli bo‘lmasin, agar maydonda bosimni yengolmasa, o‘zini aslo ko‘rsatolmaydi. Bunisi ruhiy tayyorgarlik darajasiga bog‘liq, albatta. O‘ylaymanki, hozir ruhiy muvozanatni qanday ushlash masalasida aniq tushunchaga egaman. Deylik, Qatarda shuning evaziga bosimni sezmadim, aksincha, bolaligimdan orzu qilgan sahnada o‘zimni erkin tutdim, emosional holatim yuqori bo‘ldi.

- «Samuraylar» JCH-2022da chakki taassurot qoldirishmadi va tarixda to‘rtinchi marta 1/8 final bos­qichini zabt etishdi. Ikkinchi tomondan chorak finalga qadam tashlash yana orzuligicha qoldi. Sizningcha, Yaponiya milliy jamoasiga o‘z hayotida eng yuqori bos­qichga ko‘tarilishi uchun nima kerak?

- O‘ylaymanki, avvalo, 1/8 final to‘sig‘iga yopishib olmaslik kerak. Chunki bu jamoa zimmasiga ortiqcha bosim yuklaydi. Biroq jahon chempionati starti yaqinlashgan sari Yaponiya ommaviy axborot vositalarida aynan shu masala bo‘rttiriladi, muxlislar ham hamisha 1/8 final dovoni haqida bong urishadi. Shaxsiy fikrimcha esa, jamoa oldiga muayyan raunddan o‘tish vazifasini qo‘yishning foydasidan zarari ko‘proq. Terma jamoaning aksariyat futbolchilari bu boradagi xulosamga qo‘shilsalar kerak. Qisqasi, bunday maqsadni qo‘yish mantiqan to‘g‘ri emas. Futbolda hammasi tabiiy ravishda rivojlangani ma’qul. Savolingizga kelsak, yaponiyalik futbolchilar Yevropaning kuchli chempionatlariga ko‘proq intilishlari kerak. Bu o‘yinning texnik va strategik elementlarini rivojlantirish uchun muhim. Demoqchimanki, Yaponiya milliy jamoasi yanada kuchayishini istasak, futbolchilarimiz APL kabi dunyoning eng yetuk ligalari va YECHLdek katta turnirlarda tajriba oshirishlari kerak. Hozirgi holatda esa, terma jamoamiz jahonning top-ligalarida, eng kuchli klublar boshlang‘ich tarkibida muntazam o‘ynaydigan ijrochilar guruhiga muhtoj.

- Yaqin kelajak uchun asosiy maqsadingiz nima, buni oshkor eta olasizmi?

- Avvalo, joriy mavsum «Shtutgart»ning Bundesligadan quyi divizionga tushib ketmasligiga imkon doirasida yordam berishim kerak. Terma jamoaga kelsak, hozirdan keyingi jahon chempio­natiga tayyorgarlik boshlash talab etiladi. Katta savol shuki, saralash turniri boshlanishiga qadar nimaning evaziga o‘yinni yanada jadallashtirish mumkin? To‘g‘ri, ungacha keyingi yil boshida bo‘ladigan Osiyo chempionati bor. Demak, milliy jamoaga bog‘liq eng yaqin maqsad yanvar oyida boshlanadigan turnirga qaratilgan - Osiyo kubogida chempionlikka erishish! Agar shu vazifa uddasidan chiqsak, 2026 yilgi mundial saralashi oldidan jamoada umumiy kayfiyat ko‘tariladi va bu bizni ulkan maqsad sari dadil odimlashga undaydi.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 22:40, 24.05.2023. O'qildi: 1343 marta. Fikrlar: 0 ta.

Bo'limga tegishli boshqa xabarlar


Bilasizmi, Torres faoliyatini darvozabon sifatida boshlagan. O'yinlarning birida u barmog'ini sindirib olgach, onasi o'g'liga darvozabonlikni taqiqlagan

To'purarlar jadvali

Futbolchi Gol
1 Манчестер Сити Erling Xoland 27
2 Брентфорд Igor Tiago 22
3 Манчестер Сити Antuan Semenyo 17
4 Астон Вилла Olli Uotkins 16
5 Челси Joao Pedro 15
6 Ноттингем Форест Morgan Gibbs-Uayt 15
7 Арсенал Viktor Dyokeresh 14
8 Лидс Dominik Kalvert-Lyuin 14
9 Брайтон Denni Uelbek 13
10 Борнмут Eli Junior Krupi 13

So'nggi xabarlar

Boshqa xabarlar →

Konferensiya

Қаҳрамон Асланов

"Futbol plyus"


Шуҳрат Шокиржонов

Faqat futbol haqida


Шерзод Ражабов

Kuchli Beshlik


Ҳасанали Қодиров

Onlayn savol-javob


barcha konferensiyalar »
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик