Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel «uch sherlar»ning JCH-2026dagi imkoniyatlari faqatgina Jud Bellingemga bog‘liq bo‘lib qolishini istamayapti.
«Bizda Judsiz ham o‘yinlarda g‘alaba qozona olishimizga juda ko‘p dalillar bor va bu ancha muhimroq mavzu. To‘g‘ri, Jud hozir ajoyib formada, lekin alohida futbolchilar haqida gapirishni to‘xtatishimiz kerak.
Jud bu Jahon chempionatida bir o‘zi g‘alaba qozona olmaydi. Buning umuman iloji yo‘q. Hech kim turnirni yolg‘iz o‘zi yuta olmaydi. Biz buni jamoa bo‘lib amalga oshiramiz. Agar ertaga Jud jarohat olib qolsa, nima qilamiz? Men bu asosiy tarkibda kim maydonga tushadi degan o‘yinni o‘ynamoqchi emasman. Siz, jurnalistlar, bu o‘yinni o‘ynashingiz mumkin.
Albatta, men bu ajiotajni tushunaman. O‘zim ham hayajondaman. Men bu futbolchilarni har kuni mashg‘ulotlarda ko‘rib turibman. Ammo bizda katta tarkib bor va ularning ba’zilari zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishadi. Kimdir o‘yin oxirida maydonga tushadi. Kimdir bizga qo‘shimcha taymlarda kerak bo‘ladi. Kimdir hal qiluvchi penaltini uradi, kimdir esa uchrashuvni dastlabki daqiqalardan boshlaydi. Biz buni yaxlit bir jamoa bo‘lib bajaramiz, aks holda bizda hech qanday imkoniyat qolmaydi.
Ular hamma ham doim va bir vaqtning o‘zida asosiy tarkibda maydonga tusha olmasligini tushunishlari kerak. Futbolchilar mening qarorimdan norozi bo‘lishlari, g‘azablanishlari yoki unga qo‘shilmasliklari mumkin, ammo ular buni qabul qilishga va jamoadoshlarini qo‘llab-quvvatlashga majbur. Chunki biz hozir klub futbolida emasmiz — biz turnirdamiz va umid qilamanki, oldinda 9 ta o‘yin kutib turibdi. Shu sababli, bu yerda hamma narsa alohida futbolchilarning o‘yin vaqtidan ko‘ra muhimroqdir. Ularning hozirgi munosabati ham aynan shunday», — dedi Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi.