Xanchjou-2022, yunon-rum kurashi. Bir sportchimiz finalga chiqdi, uch nafari bronza medali uchun kurashadi
4 oktyabr kuni Osiyo o‘yinlarida yunon-rum kurashi bahslariga start berildi. Bugun 4 ta vaznda sportchilar medallar uchun kurash olib borishmoqda.
60 kg. vazn toifasida Ilhomjon Bahromov Vyetnam (8:0) va Xitoy (3:1) vakillarini yengib, yarim finalga chiqdi. Hamyurtimiz yarim finalda qirg‘izistonlik Jolaman Sharshenbekovga imkoniyatni boy berib qo‘ydi (0:11). Ilhomjon endi bronza medali uchun gilamga chiqadi.
67 kg. vaznda bahslarga kirishgan Mahmud Baxshilloyev Hindiston (5:3), Turkmaniston (8:3) a’zolarini mag‘lub etib, yarim finalga yetib keldi. Ushbu bosqichda u yaponiyalik Endoga yutqazib qo‘ydi (1:6). Mahmud endi bronza medali uchun gilamga chiqadi.
77 kilo vaznda Dilshod Omongeldiyev chorak finalda eronlik raqibidan mag‘lub bo‘ldi (3:5). Endi u bronza medali uchun o‘tish bahsida ishtirok etadi.
87 kg. vazn toifasida Jalg‘asbay Berdimuratov birinchi bosqichda jang qilmagan bo‘lsa, u chorak finalda qozog‘istonlik (11:0), yarim finalda esa yaponiyalik Masato Sumini mag‘lub etib (3:1), finalga chiqdi. Jalg‘aybay finalda eronlik Nosir Alizodaga qarshi kurashadi.
Medallar uchun bellashuvlar Toshkent vaqti bilan 14:00 da boshlanadi.