Namangandagi “Markaziy” o‘yingohida “Navbahor” va Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” jamoalarining o‘yinoldi rasmiy mashg‘uloti hamda bosh murabbiylar ishtirokidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
“Al-Ittihod” bosh murabbiyi Marselo Galyardo bugungi o‘yin klub uchun oson kechmasligini ta’kidlab o‘tdi.
“Ikki jamoa ham mavsumni endi boshlamoqda. Bizni jamoada FIFA kunlaridan endi qaytgan futbolchilar bor. Qolaversa, bir oz sovuq ob-havo, maydonning ideal holatda emasligi ham bizga pand berib qo‘yishi mumkin. Ammo biz g‘alaba qozonish va muxlislarimizni mamnun etish uchun maydonga tushamiz”, — dedi Galyardo.
Karim Benzema Namanganga kelmaganiga izoh berar ekan, Galyardo u hozir individual tarzda mashg‘ulotlar o‘tkazayotganini ma’lum qildi.
“Benzemaning holati yaxshi, kelgusi haftalardan jamoaviy mashg‘ulotlarga chiqishni boshlashini kutyapmiz. Uning ushbu o‘yinga kelmasligi murabbiylar shtabining qarori, chunki tayyorgarlik darajasi bo‘yicha aniq tasavvurga ega emasmiz”, — dedi Galyardo.
Argentinalik mutaxassis Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogida o‘zining o‘yinchilari qatori O‘zbekiston terma jamoasi, jamoa safidagi “Navbahor” futbolchilari harakatlarini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lgani, ular yaxshi taassurot qoldirganini qayd etib o‘tdi.