Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sport vazirligi Axborot xizmati rahbari Nurbek Salomov ma’lum qildi.
2024 yil davomida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi ommaviy sport musobaqalarida sport turlari qamrovi 2023 yildagi 11 tadan 13 taga nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida 4 tadan 7 taga yetkazildi.
Aholining keng qatlamlari, ayniqsa yoshlarni ommaviy sport tadbirlariga jalb qilish orqali 10,1 mln nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi.
Sport vazirligi tomonidan aholining barcha qatlamlarini sportga qiziqtirish maqsadida 11 ta yosh toifasi bo‘yicha aholining jismoniy tayyorgarligini baholash tizimi joriy etildi.
Buning uchun alohida elektron platforma ishga tushirilib, jami 258 ming nafar aholidan ixtiyoriy va maxsus talablar bo‘yicha sport sinovlari qabul qilindi.
Sport sinovlarining maxsus talablarini muvaffaqiyatli topshirgan jami 8 241 nafar fuqarolar “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishonlari hamda sport sinovlarining ixtiyoriy talablarini muvaffaqiyatli topshirgan 6 071 nafar fuqarolar sport formalari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, respublikadagi 278 ta sport ta’lim muassasalarida adaptiv sport turlari bo‘yicha 1,4 ming ta sport guruhlarida 6,5 ming nafar jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratildi.
Olimpiya sport turlari bo‘yicha jami 587 ta sport tadbirlari, shundan 269 ta O‘zbekiston chempionati va kuboklari, 143 ta mahalliy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, 23 ta xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, 148 ta xalqaro sport musobaqalari va 4 ta kompleks sport musobaqalarida terma jamoa a’zolarining ishtiroki ta’minlandi.
Yil davomida olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan 14 ta sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan Jahon chempionatlarida jami 67 ta, shundan, 22 ta oltin, 17 ta kumush va 28 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi.