O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi yurtimizda sportni rivojlantirish, musobaqalar o‘tkazish va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, investisiyalar kiritish borasida muayyan ishlar olib bormoqda.
Bu ko‘plab kompleks musobaqalar dasturiga kiritilayotgan kibersport rivojini mamlakatimizda yangi bosqichga olib chiqish va O‘zbekistonda nufuzli musobaqalarni o‘tkazish uchun keng imkoniyatlar taqdim etadi.
Ahamiyatlisi, mazkur yo‘nalishdagi eng yirik hamkorlik PUBG MOBILE asoschisi — “Tencent”kompaniyasi bilan amalga oshirilmoqda.
MOQning ko‘magida tashkil etilayotgan loyiha doirasida kompaniya 4 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritadi.
Bu mablag‘ musobaqalar tashkil etish, infratuzilmani kuchaytirish kabi maqsadlarda sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etish joiz, 9–13 aprel kunlari “ZO‘R TV” telekanaliga qarashli “Renaissance Hall” maydonida Pubg Mobile bo‘yicha xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi.
Unda 15 davlatdan 1000 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashadi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 500 000 AQSH dollarini tashkil etadi.
Bu nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo hududida Pubg Mobile olamadagi eng yirik turnir bo‘ladi. “Tencent” kompaniyasi vakillari bu sabab yurtimizni mintaqaning kibersport bo‘yicha markazi deya ta’rif berdi.
Shuningdek, musobaqa homiylari tomonidan g‘oliblar uchun pul mukofotidan tashqari, avtomobillar ham taqdim qilinadi.
Tadbir arafasida MOQ rahbariyati — birinchi vise-prezident Otabek Umarov va Bosh kotib Oybek Kasimov musobaqaga tayyorgarlik bo‘yicha O‘zbekiston kibersport assosiasiyasi vakillarining hisobotlarini eshitib, tashkiliy masalalar bo‘yicha qator topshiriqlar berdi.
Musobaqa MOQning kibersport yo‘nalishidagi faoliyatini kuchaytirish va unga investisiya jalb qilish strategiyasi yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.