O‘zbekiston kubogining 1/8 finalidan o‘rin olgan «Xorazm» — «Navbahor» (1:3) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Sergey Lushan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. «Lochinlar» ustozi odatdagidek o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
— Juda asabiy uchrashuv guvohiga aylandik. Birinchi bo‘lim biz uchun unchalik o‘xshamadi. Tanaffusdan keyin esa o‘yin uslubimizni o‘zgartirishga harakat qildik. Har to‘rtinchi kun maydonga tushish og‘ir bo‘lyapti. Kubok bahslari doim o‘zgacha kechadi. Bunda futbolchilarga alohida motivasiya kerak.
Yoshlarni sinab ko‘ryapmiz, ular ham o‘zlarini ko‘rsatishga intilishyapti. Ba’zan imkoniyatlardan foydalana olmayapmiz. Mashg‘ulotlarda buning ustida ishlashda davom etamiz. Yana uch kundan so‘ng birinchi davraning oxirgi bahsini o‘tkazamiz. Endi «Paxtakor» bilan bo‘ladigan o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz.
— «Xorazm»dan shunday qarshilik kutganmidingiz?
— Bugun raqib mezbon maqomida to‘p tepdi va bu doim ustunlik beradi. «Xorazm» menda iliq tassurot qoldirdi, ular futbol o‘ynashga harakat qilishdi. Faqat raqib jamoa vaziyatlardan foydalana olmadi, biz esa uchta gol urishga erishdik. Natijada g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqdik.
«Navbahor» PFK matbuot xizmati.