Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev O‘zbekiston futzal federasiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda mamlakatimizda futzal sportini yanada rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida so‘nggi yillarda mamlakatimizda, ayniqsa, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan sport sohasiga keng yo‘l ochilayotgani, yoshlar o‘rtasida sportga qiziqish kuchayib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Xususan, jamoaviy sport turlari – futbol va futzalga qiziqish ortib, mamlakatimiz bayrog‘ini xalqaro maydonlarda baland ko‘taradigan sportchilar yetishib chiqishi uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani ta’kidlandi.
Muloqot davomida futbol bilan bir qatorda futzalni ham joylarda keng targ‘ib qilish, yoshlar o‘rtasida ushbu sport turini ommalashtirish, turli musobaqalar tashkil etish orqali iste’dodlarni kashf etish muhimligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston futzal federasiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi hududiy bo‘linmasini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.
Tomonlar yaratib berilayotgan imkoniyatlarni hisobga olgan holda, Qoraqalpog‘istonda futzalni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha bir qator aniq chora-tadbirlar belgilab olishdi. Xususan, infratuzilmani yaxshilash, yoshlar uchun maxsus seksiya va kurslar ochish, mahalliy va respublika darajasida musobaqalarni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.