Yangi mavsumga yangicha g‘oya va maqsadlar bilan kirib kelayotgan «Milan» klubi o‘zining avvalgi mavqeini tiklashga har galgidan ko‘ra jiddiyroq bel bog‘lagan. Jamoa tarkibida esa g‘alabalarga chanqoq, ishtiyoqi yuqori futbolchilar yetarli. Ulardan biri AQSH milliy terma jamoasi vingeri Kristian Pulishichdir. «Rossoneri» safidagi ikki yillik faoliyati davomida muxlislar yoqimtoyiga aylanib ulgurgan 27 yoshli futbolchi yaqinda La Gazzetta dello Sport nashri ijodkorlari bilan bo‘lgan suhbatda mavsum tadorigi va kelgusi rejalar xususida batafsil gapirib berdi.

- «Milan»ning «Arsenal» va «Liverpul»ga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvlari sizda qanday taassurot qoldirdi?

- O‘ylashimcha, ikkala bellashuvda ham raqibga munosib qarshilik ko‘rsatish asnosida ancha ishonchli o‘yin namoyish eta oldik. Ayniqsa, birinchi bo‘limlarda yaxshi himoyalandik va oldinga o‘tib ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratdik. Umuman olganda o‘sish bor va mavsum boshlangunga qadar o‘z ustimizda yanada yaxshiroq ishlab, mukammal sport formasini tiklab olishga harakat qilamiz. Qolaversa, tayyorgarlikning ushbu bosqichida kuchli jamoalarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazilayotgani nur ustiga a’lo nur bo‘lmoqda.

- Xo‘sh, o‘zingizning hozirgi sport formangizdan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?

- Hozircha bu borada xulosa chiqarishga biroz erta. Binobarin, mashg‘ulotlarda bosqichma-bosqich yuklamalar kuchaytirib borilmoqda. Asosiy maqsad - mavsumga imkon qadar yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rish va chempionat boshlangunga qadar eng yaxshi sport formasiga ega bo‘lish.

- Massimiliano Allegrining g‘oya va uslublari bo‘yicha fikringiz qanday?

- Bosh murabbiyimiz jamoada juda to‘g‘ri ish olib borayotganiga hech kimda shubha yo‘q. Zero, Allegri tajribali mutaxassis va ko‘plab chempion jamoalarni muvaffaqiyatli boshqargan. Qolaversa, u o‘yinchilar bilan qanday muloqot qilishni, jamoa bilan qay yo‘sinda to‘g‘ri munosabat o‘rnatishni yaxshi biladi. Maksning eng ustuvor maqsadi esa, mustahkam himoyaga ega jamoani shakllantirish. Binobarin, muvaffaqiyatli natijalarning asosi - mudofadagi ishonchli o‘yin ekanligi barchaga ma’lum.

- Aytgancha, Allegri matbuot anjumanida o‘tgan mavsumda o‘tkazib yuborilgan gollarning haddan tash­qari ko‘pligini ta’kidlagandi...

- Juda to‘g‘ri gap. Vaholanki, yuqoriga ko‘tarilishini maqsad qilgan ekanmiz, o‘tgan mavsumdagidek ko‘p gol o‘tkazib yuborish yaramaydi. Buni hammamiz yodda tutishimiz va nafaqat himoyachilar, balki butun jamoa shunga amal qilishimiz kerak, chunki himoya - bu jamoaviy harakat.

- Ortda qolgan mavsum «Chelsi»dagi uch yillik faoliyatingiz davomida urgan gollaringizdan ko‘ra yaxshiroq statistika qayd etdingiz. Buning siri nimada?

- Buni hech qanday yashiradigan joyi yo‘q, shunchaki «Milan»ga kelgach erkinlik va ishonchini his qildim. Jamoadoshlarim, murabbiylar, direktorlar kengashidan tortib muxlislargacha, umuman barcha-barchaning daldasi meni ikki hissa kuch bilan o‘ynashga undadi. Lekin shu bilan to‘xtab qolish niyatim yo‘q. Yildan-yilga rivojlanishda davom etishim uchun hali ko‘p mehnat qilishim kerakligini bilaman.

- «Chelsi»dagi davrlaringiz bilan solishtirganda «Milan»da o‘zingizni ancha integrasiyalashgan va erkin his qilyapsizmi?

- Xuddi shunday. Ehtimol ikki mavsumda juda ko‘p gol urganimni kimdir boshqacha talqin qilar, lekin men shu zayl davom etishni va yanada yaxshiroq natijalarga erishishni istayman va buning uchun bor kuchimni sarflashga tayyorman. Shuningdek, «Milan»da o‘ynashni juda yaxshi ko‘raman.

- «A» Seriyaga ko‘chib o‘tgach qaysi tomonlama o‘sishga erishdim, deb o‘ylaysiz?

- Bilasizmi, juda ko‘pchilik Italiya chempionatida Premyer-ligaga qaraganda kamroq kuch sarflanadi deb o‘ylashadi. Yo‘q, aslida unday emas. «A» Seriya bahslari futbolchidan yaxshigina jismoniy kuch va taktik bilim talab qiladi. Bu yerga ko‘chib o‘tgach, samaradorlik ko‘rsatgichlarimning oshishini esa muhim pallada to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rganganim bilan izohlagan bo‘lardim. Ya’ni, darvoza tomon zarba va yakuniy pas o‘rtasidagi tanlovni nazarda tutyapman.

- Rafael Leauning «Liverpul»ga qarshi bahsdagi to‘xtatib bo‘lmas harakatlari ko‘pchilikni hayratda qoldirdi...

- Nega odamlar hali ham Leauning salohiyatiga shubha bilan qarashayotganini sira tushunmayman. Zero, biz uning nimalarga qodirligini juda yaxshi bilamiz va «Liverpul»ga qarshi o‘yindagi kabi yorqin harakatlari hech birimizni ajablantirmaydi. Bir so‘z bilan aytganda - Rafa top-iqtidor egasi. Faqat barqaror o‘yin namoyish etish bo‘yicha biroz izlanishi kerak.

- Sizningcha, Luka Modrich «Milan»ga nima bera oladi?

- Tajriba va shuning o‘zi yetarli! Chunonchi undagi malaka hech narsa bilan baholab bo‘lmaydigan va almashtirib bo‘lmas fazilatdir. Luka «Real» safida ko‘p yillar davomida ajoyib o‘yin namoyish etish asnosida katta ko‘nikmaga ega bo‘ldi. O‘z navbatida men ham Modrichning xarakatlarini chin muxlis sifatida kuzatdim va keyinchalik unga qarshi o‘ynadim. Qisqasi, u «Milan»ga barqarorlik va ishonch olib keladigan o‘yinchi. Luka maydonda ham, maydon tashqarisida ham bebaho yetakchi bo‘lishiga ishonchim komil.

- Samuele Richchi haqida qanday fikrdasiz?

- Richchining maydondagi xarakatlari juda ajoyib, chunki u oddiy o‘ynaydi va har doim jamoaga kerak bo‘lgan ishni qiladi. Shuningdek, u yuqori texnika egasi bo‘libgina qolmay, to‘pni yaxshi nazorat qiladi va yaxshi uzatmalarni amalga oshiradi. Qisqasi, men Richchining o‘yin uslubiga qoyil qolaman. Bundan tashqari Aleksis Salemakersni ham e’tirof etgan bo‘lardim. U dribling, to‘p uzatish, zarba berish va hatto himoyalanishda ham jamoaga katta foyda keltiradi. Bir so‘z bilan aytganda, Aleksis hech qachon taslim bo‘lmaydigan futbolchilar sirasiga kiradi.

- Allegri sizdan chap qanot vingeri sifatida foydalanmoqchi. Aytingchi, o‘zingizga qaysi pozisiyada o‘ynash ko‘proq yoqadi?

- Umuman olganda menga futbol o‘ynash yoqadi. Qaysi ampluada maydonga tushishimning esa unchalik ahamiyati yo‘q. Boz ustiga avvallari ham chap qanot yarim himoyasida to‘p surganman va bu nuqtada o‘ynash men uchun yangilik emas.

- O‘tgan mavsum Skudetto uchun kurash asosan «Napoli» va «Inter» o‘rtasida kechdi. Yangi chempionat oldidan ham bu jamoalar boshqalarga nisbatan sifatli ijrochilar bilan shartnoma imzolashmoqda...

- Ochig‘ini aytganda chempionlik uchun raqobat faqatgina «Napoli» va «Inter» o‘rtasida kechadi deb o‘ylamayman. «A» Seriyada istalgan raqibga jang taklif qila oladigan jamoalar yetarli. Xususan, biz ham imkon qadar ko‘proq o‘yinlarda g‘alaba qozonishga va iloji boricha yuqori darajaga ko‘tarilishga harakat qilamiz.

Manba: acmilanfan.ru, Xurshid YUSUPOV tayyorladi