Granit Jaka g‘ayrioddiy faoliyatni boshdan kechirmoqda. 30 yoshgacha u o‘ta yorqin bo‘lmagan mehnatkash o‘yinchi rolini ado etgandi - kam sonli sermahsul va sermazmun o‘yinlar va shunga yarasha sovrinlar. Shunchaki baquvvat futbolchi, inqirozga uchragan grandning yetakchisi. Lekin 30ga chiqishi bilan uning hayotida ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Chempionlik poygalari, tarixiy g‘alabalar, hatto trebl uchun jiddiy kurash ham kuzatildi. Endi esa ana shu o‘zgarishga yangi rang berish davri keldi.
Memfis Depay, Pyer-Emerik Obameyang va Lyuk de Yong - «Barselona» uchun eng yaxshi misol bo‘la oladilar. Ular klub uchun eng yomon davrda kelishdi, lekin jamoaning talab darajasida to‘p surishini ta’minlay oldilar. Ha, bir talay sovringa erisha olmay, tezda unutildilar. Biroq bu o‘sha davrning bir qismi edi.
Shveysariyalik futbolchining taqdiri shunga o‘xshash. U «Arsenal»ga Vengerning loyihasi bo‘yicha Angliya vise-chempioni maqomida ekanligida, lekin ayanchli holatga tushib qolganida kelgandi. Shu sababli yarim himoyachining klubdagi debyut mavsumi muammolar bilan boshlandi. Ilk turdayoq 5-o‘rinni egallash jamoa uchun asosiy vazifaga aylandi, bundan avval «to‘pchilar» 2 marta 8-o‘rin bilan kifoyalanishgan, Arsen Venger jamoani tark etgandi.
Jaka qaro kunlarga duch kelgan va yoshlar ko‘ngliga g‘ulg‘ula soladigan murabbiy-amakiga aylandi. Buning uchun sharoit yetarli edi - og‘ir fe’l-atvor, doimiy mojarolar, sardorlik bog‘ichidan judo bo‘lish voqeasi. Mikel Arteta asta-sekin «Arsenal»ni qaytadan shakllantirdi va xavbekka yangicha hayot hadya etdi.
Ehtimol, uni sardorlikka saylamasliklari ham mumkin edi, lekin yetakchi maqomiga shubha yo‘q, mojarolarga chek qo‘yildi. «To‘pchilar» to‘satdan chempionlik poygasiga qo‘shilgan paytda Granit ham yetakchilar safida edi. Jamoa bahorgacha peshqadamlik qildi, lekin chempionlik tajribasi yetishmay, «Siti»ni oldinga o‘tkazib yubordi. Aynan shu pallada 30ga chiqqan Jaka vaziyatni o‘zgartirishga ahd qildi.
Chempionlik poygasida «Siti»ga munosib qarshilik ko‘rsatgan «Arsenal» bilan xayrlashib, avvalgi mavsumda quyi ligaga tushib ketish xavfi ostida yurgan, Alonsoning malakasi va dadilligi evaziga elitadagi o‘rnini saqlab qolgan «Bayer»ni tanlash Jaka uchun qaltis, lekin to‘g‘ri qaror bo‘ldi.
Albatta, «Arsenal» avvalgi mavsumga nisbatan yaxshiroq o‘ynadi. Lekin Superkubokdan boshqa sovringa erisha olmadi. Granit esa mavsum kashfiyotiga aylangan jamoaning bir qismi bo‘ldi. Hatto trebl sohibi bo‘lishiga juda yaqin keldi. Alonsoning navqiron va shiddatli «Bayeri» «Bavariya»ni taxtdan qulatib, yetakchilikni o‘z qo‘liga oldi. Qo‘shimchasiga, «dorishunoslar» Germaniya Kubogi va YEL turnirlarida ham munosib ishtirok etdi.
Mazkur yo‘lda Leverkuzen o‘g‘lonlari futbolni sindira olishlariga barchani ishontirishdi. Ular so‘nggi daqiqalarda gol urishni ham, tez-tez kambeklar rasmiylashtirishni ham emin-erkin uddaladilar. Granitni esa, oldingi chiziqdan ortga surib qo‘yishdi, golli vaziyatlarda u kamroq qatnashadigan bo‘lib qoldi. Qolaversa, muntazam ravishda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushayotgan o‘yinchi uchun buning ortiqcha ahamiyati yo‘q. O‘sha yili xavbekka faqat YELdagi g‘alaba yetishmadi. Keyinchalik Jaka Germaniya Superkubogi sohibiga aylandi.
Lekin yarim himoyachi uchun bu bob nihoyasiga yetmoqda. «Bayer» bilan Jakaning orzulari bir joydan chiqib, yillar davomidagi orzular ro‘yobga chiqdi. Keyingi mavsumni «dorishunoslar» sovrinsiz yakunladilar. Loyihaning asosiy vakillari tarqalib ketishdi - Alonso «Real»ga ko‘tarilib ketdi, Virs va Frimpong «Liverpul»dan taklif olishdi, Ta «Bavariya»ga o‘tishni ixtiyor etdi, Jaka uchun jamoada qolishida ma’no qolmadi.
30 yoshli chog‘ida sovrinlar uchun kurashga bel bog‘lagan «Arsenal»ni tark etib, kelajagi porloq, lekin omonat loyihaga ishonch bildirish - o‘ta qaltis qaror. Biroq Jakaning faoliyatida transfer jiddiy o‘zgarishlar uchun o‘ziga xos ilgak bo‘lib qolgandek. Mana, u yangi-eski sarguzasht sari navbatdagi qadamini qo‘yish arafasida turibdi. Olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Granit Jaka Angliya Premyer-ligasiga qaytdi. Shveysariyalik futbolchi «Sanderlend» bilan 2028 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Leverkuzenliklar 32 yoshli futbolchi uchun 20 mln. yevro olishadi.
Manba: soccer.ru, Sodiq SOBIR tayyorladi