Bunga ishonish qiyin, biroq atigi 5 nafar futbolchiga Yevropaning eng kuchli 5ta chempionatida to‘p surish nasib etgan. Qit’ada qaysi ligalar eng kuchli ekanligi xususida tez-tez bahs-munozaralar bo‘lib tursada, biz an’anaviy yirik beshlik sifatida Angliya, Ispaniya, Germaniya, Italiya va Fransiya chempionatlarini tanladik. Demak, APL, La Liga, Bundesliga, «A» Seriya va Liga 1da to‘p surgan 5 nafar futbolchilarning ism-shariflari yoniga qavslar ichida ular o‘ynagan har bir chempionatning klubi yoziladi. Agar futbolchi bir nechta klubda to‘p surgan bo‘lsa, faqat birinchi klub nomi zikr etiladi.

Kristian Poulsen («Shalke», «Sevilya», «Yuventus», «Liverpul», «Evian»)

Daniyalik tayanch yarim himoyachisi o‘z vaqtida Yevropaning 5ta yetakchi liganing 8ta jamoasi sharafini himoya qilgan. Uning eng yorqin o‘yinlari «Shalke», «Sevilya» va «Yuventus»da o‘tgan. 2010 yilda «Liverpul» Kristianni taxminan 4,5 mln. funt sterling­ga xarid qilgandi. Biroq Poulsen atigi bir mavsumni «Enfild»da o‘tkazdi va 2011 yilda «Evian» tarkibidan joy oldi. 2015 yilda futbolchi faoliyatini yakunlab, murabbiylik sohasiga o‘tdi va avvaliga «Ayaks», ke­yin Daniya terma jamosini bosh­qardi.

Florin Reduchoyu («Bari», «Espanyol», «Vest Xem», «Shtutgart», «Monako»)

Ruminiyalik hujumchining faoliyati 19 yilga (1985-2004) cho‘zildi. Shu davr ichida Florin 10ta turli klublarda to‘p surdi. Jumladan, u 1990 yilda Italiyaning «Bari», «Verona», «Breshiya» va «Milan» klublarida o‘ynadi. 1994 yilda Ispaniyaga yo‘l olgan futbolchi «Espanyol»da yorqin o‘yin ko‘rsatib, 1996 yilda «Vest Xem»ga o‘tdi. Biroq ingliz futboliga moslasha olmadi. Keyin hujumchi bir yilni Germaniyada «Shtutgart» bilan o‘tkazdi. Faoliyatining so‘nggi bosqichida Reduchoyu «Monako»da o‘tkazib, 12ta o‘yinda 2ta gol urdi. Darvoqe, Florinni ko‘pchilik muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan Mircha Luchesku Buxarestning «Dinamo»sida kashf etgandi.

Stevan Yovetich («Fiorentina», «Manchester Siti», «Sevilya», «Monako, «Gerta»)

Qachonlardir Yovetich o‘z davrining kelajagi porloq hujumchisiga aylangan va «Fiorentina»ga o‘tgan vaqtida ko‘plab grandlar e’tiborini tort­gandi. Natijada Italiyadagi qoniqarli ishtiroki evaziga Stevan 2013 yilda 23 mln. funt sterling evaziga «Manchester Siti» tarkibidan joy oldi. Angliyada Chernogoriya terma jamoasining a’zosi 2 yilda 11ta gol urdi. Biroq jarohatlar tufayli uning o‘yin vaqti kamayib ketdi. Oxir-oqibat, Yovetichni faoliyatining so‘nggi bosqichida, «Sevilya», «Monako» va «Gerta»dagi davrida jarohatlar qiynadi. 2017-2021 yillar oralig‘ida hujumchi turli shikastlanishlar ta’sirida 150dan ortiq uchrashuvlarda maydonga tusha olmadi. Lekin shunga qaramasdan, 35 yoshli futbolchi hanuzgacha Kiprning «Omoniya» klubida saviyali to‘p surmoqda.

Jastin Klyuyvert («Roma», «Nissa», «RB Leypsig», «Valensiya», «Bornmut»)

E’tiborli jihati shundaki, Klyuyvert 25 yoshga chiqqunga qadar top-ligalar beshligining barchasida to‘p surishga muvaffaq bo‘lgan. Niderlandiyalik hujumchi «Roma»da to‘p surgan vaqtida Germaniya, Fransiya va Ispaniya klublarida ijara asosida maydonga tushgan va uzil-kesil Angliyaning «Bornmut» klubiga o‘tgandi. Shundan beri 26 yoshli Jastin barqaror va saviyali hujumchi maqomida APLda sifatli o‘yin namoyish etmoqda, o‘tgan mavsumda 12ta gol urdi. Ha, aytgancha, u afsonaviy Patrik Klyuyvertning o‘g‘li, yaqinda Jastin ota, Patrik esa bobo bo‘lishdi. Jastinni «Barselona» futbolkasida ko‘rish ajoyib bo‘lardi, biroq unga boshqa grand qiziqish bildirmoqda. Kim biladi deysiz, ehtimol qachondir shunday ham bo‘lishi mumkin, kichik Klyuyvert rotasiya o‘yinchisi sifatida Kataloniya grandiga asqotgan bo‘lardi.

Darvoqe, Jastin top-ligalar beshligining barchasida gol urgan. Bu borada u futbol tarixidagi 3-to‘purar. Fahmlagan bo‘lsangiz, uning o‘tmishdoshlari - Reduchoyu va Yovetich yuqorida zikr etildi. Qizig‘i shundaki, Patrik Klyuyvert o‘g‘lining yonidan joy olishi mumkin edi - u «Barselona», «Nyukasl», «Milan» va «Lill»da to‘p surgan, faqat «Bundesliga klubida o‘ynagan emas.

Pyer-Emerik Obameyang («Milan», «Dijon», «Borussiya D.», «Arsenal», «Barselona»)

Mazkur ro‘yxatda Obameyang alohida yulduzcha bilan belgilab qo‘yilishining sababi shuki, u Fransiya, Angliya, Ispaniya va Germaniyada esda qolarli darajada to‘p surgan bo‘lsada, «A» Seriyada biror marta maydonga tushmagan. Gabon terma jamoasining a’zosi 2007 yildan 2011 yilgacha «Milan» safida o‘ynagan bo‘lsada, aynan Italiya chempionatida umuman, ishtirok etmagan, ko‘pi bilan faqat zaxirada o‘tirgandi. Shunday qilib, «A» Seriyada o‘ynamagan, lekin «rossonerlar» tarkibidan o‘rin olgan Obameyangni ro‘yxatga kiritdik. Hujumchining nisbatan sermahsul va sermazmun faoliyati Germaniyaning «Borussiya D.» va Angliyaning «Arsenal» klublarida kuzatildi. Shuningdek, u «Barselona», «Sent-Etyen» va «Marsel»da ham yaxshi taassurot qoldirdi. Yaqinda Saudiya Arabistonida «Al-Qodisiya» sharafini himoya qilgan 36 yoshli Pyer-Emerik yana Yevropaga qaytdi - «Marsel» uni jon deb qabul qildi.

Manba: soccer.ru,  S.RAHMONOV tayyorladi