«A»seriyadagi muvaffaqiyatsiz mavsumdan so‘ng bor umidini Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga qaratgan «Yuventus» AQSHda ham aytarli karomat ko‘rsata olgani yo‘q. Aniqroq aytsak, turnirning 1/8 finalida qudratli «Real»ga duch kelgan Turin superklubi muddatidan ancha erta ortga qaytdi. «Keksa sinyora» sardori Manuel Lokatelli Mediaset telekanali ijodkorlari bilan suhbat chog‘i aynan Ko‘JCH-2025 yakunlariga to‘xtalish barobarida yangi mavsum masalasida fikr bildirdi.
- «Yuventus» Ko‘JCH-2025da ham ko‘zlangan maqsadga yetolmadi. Aytingchi, «Real»ga qarshi kechgan nimchorak final o‘yinida sizlarga aynan nima yetishmadi?
- Birinchidan, bu bosqichda turnirning eng kuchli klublaridan biri bilan o‘ynadik. Ha, yakunda mag‘lubiyatni tan oldik, lekin g‘alaba uchun bor kuch-imkoniyatimizni ishga soldik. Nima yetishmadi? Hammasi oddiy: raqib gol urdi, biz esa yo‘q. Mag‘lubiyatning asosiy negizi shu. Aslida butun vaqt davomida chakki harakatlanmadik. Ayniqsa, «Siti»ga qarshi ko‘rsatilgan rasvo o‘yin fonida «Real»ga munosib kurash taqdim etdik. Ha, natija ijobiy ko‘rinish olmadi, shunga qaramay, o‘sha bahsdagi tirishqoqlik uchun yigitlarni bemalol olqishlayman.
- Xo‘sh, AQSHda «Real»ga qarshi kechgan o‘yinda haqiqiy «Yuventus»ni ko‘rdikmi yoki jamoa bundan ko‘prog‘iga qodir?
- Qaytaraman, musobaqa biz uchun muvaffaqiyatsiz yakunlandi, lekin muayyan o‘yinlardagi harakatimizdan to‘la qoniqdik. Yigitlarning har bir uchrashuvga chinakam jonkuyarlik bilan yondashishganiga shubha yo‘q. Lekin afsuski, futbolda toza vijdon bilan o‘ynashning o‘zi hech narsani anglatmaydi. Ya’ni hammasi avvalo, natija bilan baholanadi. Ayniqsa, «Yuventus»dek klub uchun bunday turnirlardan erta chiqib ketish aslo yarashmaydi. Maydonda borimizni berganimizni hamma ko‘rdi, buni o‘zimiz ham bilamiz. Lekin jamoa o‘yiniga ruhiyat qo‘shishimiz va natija ko‘rsatishimiz shart.
- Endi ortda qolgan mavsum xulosalariga to‘xtalsangiz...
- To‘g‘risini aytaman, uzoq va shiddatli mavsum barchamizni rosa charchatdi. Muhimi, har bir turnirda borimizni berdik, imkon qadar katta marra sari intildik. Endi yo‘qotilgan energiya o‘rnini tezroq to‘ldirishimiz kerak. Shundagina yangi mavsumga yetarli kuch va ishtiyoq bilan qaytamiz.
- «Yuventus» yangi mavsumda qanday marralarni ko‘zlashi yuzasidan yaxlit tasavvur bormi?
- Hozirdan katta gapirish yaramaydi. Yangi mavsum - bu yangi sahifa va ishonch. Lekin ayni payt eng muhimi - barcha ko‘ngilsizliklarni yoddan chiqarish, salomatlikni tiklash va kuch jamlash. Axir biz ham futboldan ma’lum muddatga uzoqlashib, miriqib hordiq chiqarishga haqqimiz bor.
- Oxirgi savol: bugungi «Yuventus» deylik, «Real» va «Manchester Siti»dan qay darajada orqada qolmoqda? Katta klublar bilan bir qatorda turish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?
- Tan olib aytish kerak, «Real» ham, «Siti» ham hozir individual ijrochilari hisobiga bizdan kuchliroq. Misol uchun, «Real» yarim himoyasida Valverde va Bellingemdek yetuk futbolchilar bor. Oddiy ifoda etsak, «Yuve»ning tarkibi biroz kamtarroq. Shubhasiz, zamonaviy futbolda individual saviya ko‘p narsani anglatadi. Shuning barobarida to‘g‘ri yondashuv hamda jamoaviy birdamlik evaziga ham ko‘p narsalarga erishish mumkin. Menimcha, biz ayni holatda grand jamoalarga faqat ruhiy tayyorgarlik va mukammal jamoaviy o‘yin evazigagina munosib raqobat ko‘rsata olamiz.
Manba: jufc.ru, XURSHIDBEK tayyorladi