Poytaxtimizdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan sport sohasida faoliyat olib borayotgan murabbiy va ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston sport vazirligi hamda Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi tomonidan tashkil etildi.
Unda sport sohasida ko‘p yillik tajribaga ega murabbiylar, shuningdek, mazkur markazning 20 nafar xodimi “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni, vazirlikning tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimiz sportchilari qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlar, xalqaro musobaqalardagi g‘alabalar ortida ustoz va murabbiylarning tinimsiz mehnati, mashaqqatli zahmati mujassam.
Poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi ham mamlakatimizda sport sohasini rivojlantirish, terma jamoalar tarkibiga munosib zaxira yaratishda muhim o‘rin tutadi.
Hozirgi kunda markazda 13 nafar O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi va 71 nafar oliy toifali murabbiy 650 nafarga yaqin sportchi-o‘quvchilarga ta’lim bermoqda.