Xorvatiya terma jamoasi yarimhimoyachisi va sardori Luka Modrich Rossiyada bo‘lib o‘tgan 2018 yilgi jahon chempionati oldidan milliy jamoa safidagi sheriklari Mario Manjukich va Vedran Chorluka bilan yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida so‘zladi.
«Sardor bo‘lganimda ayrim o‘yinchilar bilan kelishmovchiliklarim bor edi, ular bilan ko‘p narsani boshdan kechirishga to‘g‘ri keldi. 2018 yilgi jahon chempionati butun avlod uchun so‘nggi imkoniyat deb hisoblangani sababli, ular shunchaki raqam emas, balki asosiy qahramonlar edi. Men Manjukich bilan bir yil davomida umuman gaplashmaganman, ammo musobaqaga tayyorgarlik paytida u bilan gaplashib oldik va muammolarni hal qildik. Aslida u katta masala ham emas ekan. Ikkimiz ham vaziyatni o‘z holicha qoldirib qo‘yganmiz, hal qilolmaydigan muammodek ko‘ringan narsa aslida mayda-chuyda bo‘lib chiqdi. Chorluka bilan ham shunaqa: ayrim gaplari menga yoqmagan edi. Telefon orqali bir oz gaplashdik, ammo oxir-oqibat barchasini shaxsan hal qildik. Men bu muammolardan xalos bo‘lib, jahon chempionatiga sof fikr bilan yo‘l oldim. Ichimda bizga ulkan narsa nasib etishi haqida bir his bor edi», — deya Modrichning so‘zlarini Index.hr keltiradi.
JCH-2018da Xorvatiya terma jamoasi finalgacha yetib borib, hal qiluvchi bahsda Fransiya jamoasiga mag‘lub bo‘lgan edi. Oldinroq Luka Modrich 2026 yilda AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida beshinchi marta ishtirok etishi mumkinligi xabar qilingandi. Modrich milliy jamoa uchun 190 ta o‘yin o‘tkazgan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha mutlaq rekordchi hisoblanadi.