"Liverpul" klubi 33 yoshli qanot hujumchisi Muhammad Salohning kelasi yozda klubni tark etishini taxmin qilmoqda. Biroq, agar "qizillar" "Bornmut"dan Antuan Semenyoning transferini amalga oshira olsa, Salohning ketishi joriy qishda amalga oshishi mumkin. Bu haqda Football Transfers xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, "Manchester Siti" va "Manchester Yunayted"ning "giloslar" yulduzi uchun takliflari "Liverpul"ni ganalik futbolchini qo‘lga kiritish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishga majbur qilishi mumkin, bu esa Salohning klubdagi kelajagini oldindan belgilab berishi mumkin.
Misrlik futbolchi mersisaydliklar safida 2017 yildan buyon to‘p tepib kelmoqda. Bu vaqt ichida hujumchi barcha musobaqalarda 421 ta o‘yinda maydonga tushib, 250 ta gol va 117 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Vingerning klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2027 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portalida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor narxi 30 mln yevroni tashkil etadi.