«Barselona» Ispaniya Kubogi yarim finalining birinchi o‘yinida "Atletiko Madrid"ga 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lganidan keyin hakamlik bo‘yicha rasmiy shikoyat bilan chiqdi.
«Barselona» futbol klubi shuni ma’lum qiladiki, klub Ispaniya qirollik futbol federasiyasi (RFEF)ga rasmiy maktub yo‘lladi. Unda hakamlar tomonidan ba’zi holatlarda turli, izchil bo‘lmagan mezonlar qo‘llanilayotgani yuzasidan chuqur xavotir bildirilgan. Hujjatda klub quyidagi asosiy jihatlarni alohida qayd etgan:
1. Intizomiy mezonlarda izchillikning yo‘qligi;
2. Qo‘l bilan o‘ynashni baholashdagi qarama-qarshi mezonlar;
3. Xatolarning jamlanishi: «Barselona» mavsum davomida qayta-qayta qo‘pol hakamlik xatolari kuzatilayotganini, ularning ko‘pchiligi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini va klubga zarar yetkazayotganini ta’kidlaydi;
4. VAR qo‘llanilishi va shaffofligi;
5. Epizodlarni monitorda ko‘rib chiqish mezonlari: «Barselona» hakamlarni monitorga chaqirish uchun aniq va izchil mezonlar mavjud emasligini shubha ostiga qo‘yadi, bu esa qarorlar qabul qilishda himoyasizlik va tengsizlik hissini kuchaytiradi.
Shuningdek, «Barselona» VAR’ning barcha audioyozuvlari — maydondagi hakam epizodni ko‘rib chiqqan-qilmaganidan qat’i nazar — to‘liq e’lon qilinishi kerakligini talab qilmoqda. Bu chora shaffoflikni ta’minlash va hakamlar malakasini oshirish uchun muhim deb hisoblanadi.
«Barselona» o‘z murojaatlari jiddiy tahlil qilinishi va kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun aniq chora-tadbirlar ko‘rilishini talab qiladi», — deyiladi klub bayonotida.