Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida shaxmat bo‘yicha Grand Chess Tour 2026 turkumiga kiruvchi xalqaro turnirning ikkinchi bosqichi — Super Chess Classic musobaqasida 3-tur uchrashuvlari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov musobaqa peshqadami, fransiyalik Maksim VashYE-Lagravga qarshi bahs olib bordi. Shaxmatchilar yurishlarni 3 martadan takrorlashgach, bellashuv 15-yurishdayoq durang bilan o‘z nihoyasiga yetdi.
3-turdan so‘ng Javohir 1 ochko bilan 8-o‘rinni egallab turibdi. 4-turda Sindorov niderlandiyalik Anish Giriga qarshi oq donalarda o‘yin o‘tkazadi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi 1-turda ruminiyalik Bogdan Daniyel bilan durang qayd etgan bo‘lsa, 2-turda hindistonlik Rameshbabu Pragnanandhaga imkoniyatni boy bergan.
Mazkur nufuzli musobaqada jahonning eng kuchli 10 nafar grossmeysteri g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda. Unda Javohir Sindorovdan tashqari Fabiano Karuana, Anish Giri, Vinsent Keymer, Alireza Firuzja, Uesli So, Rameshbabu Pragnandha, Bogdan Daniyel, Maksim VashYE-Lagrav va Jordan van Forest ishtirok etmoqda.
23 mayga qadar davom etadigan turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 475 ming AQSH dollarini tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, Grand Chess Tour 2026 turkumiga kiruvchi xalqaro turnirning birinchi bosqichi Polsha poytaxti Varshava shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, unda amerikalik Hans Nieman chempionlikni qo‘lga kiritgan edi. Javohir Sindorov esa umumiy 16,5 ochko bilan 7-pog‘onani band etgan.
2026-yilgi mavsum reglamenti: yangi qoidalar va grand final
Joriy yilgi Grand Chess Tour mavsumi nafaqat kuchli tarkibi, balki qat’iy tartib-qoidalari bilan ham ajralib turadi. Mavsum davomida jami 9 nafar asosiy ishtirokchi tanlab olingan. Har bir o‘yinchi ikkita klassik turnirda hamda mavjud uchta rapid va blis turnirlaridan ikkitasida qatnashishi shart. Muntazam mavsum yakuniga ko‘ra eng ko‘p ochko to‘plagan kuchli to‘rtlik dekabr oyida o‘tkaziladigan grand finalga yo‘llanma oladi. Finalning mukofot jamg‘armasi esa 450 000 AQSH dollarini tashkil etadi.
G‘oliblik uchun kurashni qiziqarli o‘tkazish maqsadida ochkolar quyidagicha taqsimlanadi:
1-o‘rin: 12 ochko (agar tay-breyksiz, sof g‘alaba qayd etilsa – 13 ochko).
2-o‘rin: 10 ochko.
10-o‘rin: 1 ochko.
O‘yin davomidagi tartib-qoidalar:
Durang taklif qilish taqiqlanadi: Kurashuvchanlikni oshirish maqsadida o‘yinchilarga o‘zaro durang taklif qilish yoki kelishish qat’iyan man etiladi. Durang faqat hakam nazorati ostida 3 marta takrorlanish yoki 50 ta yurish qoidasi asosida qayd etilishi mumkin.
Kechikish uchun jazo: Klassik o‘yinda 10 daqiqa, rapid va blisda esa 3 daqiqadan ko‘p kechikkan ishtirokchiga texnik mag‘lubiyat yoziladi.
Donalarga e’tiborsizlik: Agar o‘yinchi dona surayotganda boshqa birini ag‘darib yuborsa va ularni o‘z vaqtida joyiga qo‘ymasa, hakam tomonidan ogohlantiriladi. Uchinchi marta bunday holat takrorlansa, o‘yinchi mag‘lub deb topiladi.