"Yuventus" himoyachisi Pyer Kalyulyu birinchi bo‘lim oxirida maydondan chetlatilgani sababli, uchrashuvning tanaffus vaqtida 1:1 hisobi qayd etilib turganda mashmashali vaziyat yuzaga keldi. "Yuventus" vakillari hakamlar maydonni tark etayotgan vaqtda ularga nisbatan e’tirozlarini bildirishgan.
Klub bosh direktori Damyen Komolli tahdidli va agressiv xatti-harakatlari uchun 15 000 yevro miqdorida jarimaga tortildi va 31 martga qadar futboldan chetlatildi. Shuningdek, futbol strategiyasi bo‘yicha direktor Jorjyo Kyellini ham jazolandi — u 27 fevralgacha diskvalifikasiya qilindi. Ushbu qarorlar haqida insayder Janluka Di Marsio xabar bermoqda.
Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng "Yuventus" A Seriyada beshinchi o‘ringa tushib ketdi. "Keksa sinyora" peshqadam "Inter"dan 15 ochko ortda qolmoqda.