Isroil futbol assosiasiyasi matbuot xizmati Eron bilan davom etayotgan harbiy nizo fonida mamlakat terma jamoasi va klublarining xalqaro musobaqalardan chetlatilishi mumkinligi haqidagi xabarlarga izoh berdi. Bu haqda Sport24 nashri xabar bermoqda.
Jurnalistlarning “FIFA va UYEFA tomonidan Isroil futbolini xalqaro turnirlardan chetlatish bo‘yicha biror-bir murojaat bo‘ldimi?” degan savoliga assosiasiya vakili qisqa va qat’iy javob bergan:
“Yo‘q. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Biz bu masalada xavotir olayotganimiz yo‘q”, deydi Isroil futbol rasmiysi.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyi oxirida AQSH va Isroilning Eronga qarshi boshlagan harbiy operasiyasi mintaqadagi vaziyatni keskinlashtirib yuborgan edi. Bunga javoban Eron AQSHning Isroil, Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni, Quvayt va Bahrayndagi harbiy bazalariga zarbalar yo‘llagan. Mazkur geosiyosiy taranglik fonida xalqaro sport jamoatchiligi FIFA va UYEFA kabi tashkilotlardan ishtirokchi davlatlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llashni talab qilmoqda.
Ma’lumot uchun, hozircha FIFA va UYEFA ushbu masalada rasmiy sukut saqlamoqda. Tashkilotlar 2026-yilgi Jahon chempionati mezbonligi va Isroil klublarining qit’a miqyosidagi turnirlarda qatnashish huquqi bo‘yicha yakuniy qarorlarini e’lon qilmagan.