«Milan» va Italiya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Massimo Ambrozini o‘z faoliyati haqida intervyu berdi. Jumladan, GFFN portali bilan suhbatda o‘tgan yillardagi Italiya chempionatining kuchi haqida so‘z bordi.
— Agar Fransiya terma jamoasining 1998 yilgi Jahon chempionatidagi tarkibiga nazar tashlasak, u yerda A Seriyada katta muvaffaqiyatlarga erishgan va aynan o‘sha yerdagi o‘yin ularning mentalitetini o‘zgartirib, jismoniy holatini yaxshilaganini aytgan ko‘plab futbolchilar bor edi. Fransuzlar kelganida siz buni sezganmidingiz?
— O‘sha davrda, 90-yillarning oxiri va yangi ming yillikning boshlarida A Seriya dunyodagi eng yaxshi liga edi. Shu sababli har qanday futbolchi — fransuz, ispan, argentinalik yoki braziliyalik uchun Italiyaga kelish o‘z faoliyatining cho‘qqisi hisoblanardi va o‘yinchilar ushbu darajaga mos bo‘lishlari kerakligini tushunishardi. Shunday ekan, ehtimol, bu holat ularning munosabatini o‘zgartirgandir.
1994 yildan 1999 yilgacha «Yuventus» safida Didye Desham to‘p surgan bo‘lib, u Fransiya bilan futbolchi sifatida Jahon chempioni, 2018 yilda esa murabbiy sifatida g‘olib bo‘lgan. 1996 yildan 2001 yilgacha aynan shu klubda yana bir Jahon chempionati g‘olibi — Zinedin Zidan o‘ynagan. Lilian Tyuram «Parma» va «Yuventus» sharafini himoya qilgan bo‘lsa, Marsel Desayi «Milan»da faoliyat yuritgan.