Dino Dzoff Italiya terma jamoasining JCH-2026 o‘tish o‘yinida Bosniya va Gersegovinadan uchragan mag‘lubiyatiga (1:1, penaltilar bo‘yicha 1:4) munosabat bildirdi.
«Italiya yana jahon chempionatidan tashqaridami? Natija qanday bo‘lsa, shunday, shuning uchun eng asosiy izoh — bu natijaning o‘zi. Ketma-ket uchinchi bor jahon chempionatiga chiqa olmaslik — futbol nuqtai nazaridan fojiadir. Bundan qochish mumkinmidi? Men bu mavzuni chuqurlashtirishni istamayman: qochishni xohlagandik, lekin uddalay olmadik.
Gattuzo? Gravina? Men hech narsa demayman, buni o‘rinli deb hisoblamayman. Bir marta omad kelmasligi mumkin, ikkinchi marta ham, lekin uchinchi martasiga endi bahona qidirib bo‘lmaydi.
Siyosatchilar nima qilishi kerak? Yo‘q, eshiting, siyosat siyosat bilan, futbol esa futbol bilan shug‘ullansin, pashshadan fil yasash (asliyatda: chiroq bilan porloq qo‘ng‘izni adashtirish) kerak emas. Raqamlar — bu raqamlar, sport raqamlardan iborat: hozir ular sizning foydangizga bo‘lmasligi mumkin, lekin uzoq muddatli davrga qarasak, hamma narsa o‘zgaradi.
Afsuski, Italiyani hali biror marta jahon chempionatida ko‘rmagan yoshlar avlodi yetishib chiqdi. Ularga Sinner yoki Antonelli ishtirokidagi «Formula-1»ni tomosha qilishni maslahat bergan bo‘larmidim? Jamoaviy sport bilan individual sportni ajrata bilish kerak», — dedi Italiya terma jamoasi sobiq darvozaboni «LaPresse»ga bergan intervyusida.