«Barselona» atrofidagi voqealar hamisha jamoatchilik e’tiborida. Ayniqsa, oxirgi yillar klub ichidagi o‘zgarishlar, rahbariyat qarorlari va murabbiylar almashinuvi turli bahs-munozaralarga kengroq yo‘l ochdi. Shu ma’noda jamoa afsonasi va sobiq bosh murabbiyi Xavi Ernandesning barcamania.com saytiga bergan intervyusi ko‘pchilik uchun noma’lum jarayonlar tafsiloti sifatida ham o‘zgacha ahamiyat kasb etadi. Binobarin, Xavi suhbat davomida bugungi «Barsa»ning o‘yin uslubi va Diter-Xans Flik faoliyatiga baho berish barobarida klub boshqaruvida o‘zi duch kelgan murakkab vaziyatlar, ichki ziddiyatlar va rahbariyat munosabati haqida oshkora gapirdi.
– Bugungi «Barselona» shaxsan sizda qanday taassurot qoldirmoqda, Flikning ishi-chi?
– Juda ajoyib! Muhimi, jamoa maydonda istalgan raqibga nisbatan o‘z ustunligini namoyish qilyapti, hujumkor o‘yin ko‘rsatmoqda. «Barsa»ga xos va muxlislar talab qiladigan uslub shu. Hozir baralla aytaman, ushbu loyihaga mustahkam poydevorni aynan biz qo‘ygandik. Qarang, bugun jamoa asosini biz qoldirib ketgan meros tashkil etyapti – Lamin Yamal, Pedri, Alexandro Balde, Pau Kubarsi, Fermin Lopes… Ochig‘i, bu yigitlarning ayni muvaffaqiyatlarini ko‘rish hatto biz o‘sha payt birga qo‘lga kiritgan 2ta sovrindan ham muhimroq.
– O‘zi Xans-Diter Flik bilan munosabatingiz qanday?
– A’lo darajada! Hozir ham doimiy aloqadamiz va jamoa g‘alabalaridan so‘ng uni tabriklab turaman. Shuningdek, zamonaviy futbol haqida tez-tez fikr almashamiz. Flik hatto bir marta uyimga ham keldi – olijanob qadam.
– Xo‘sh, Flik tashrifining asl sababini ochiqlay olasizmi?
– Bunda yashiradigan tomoni yo‘q. Flik shunchaki, mendan uzr so‘rash uchun kelgandi. Chunki o‘sha vaqt hali «Barselona» bosh murabbiyi edim, lekin klub rahbariyati u bilan pinhona muzokaraga kirishgan hamda jarayondan meni xabardor qilmaslikni so‘ragan… Xullas, Flik oldimga kelib, bu voqeliklar uchun kechirim so‘ragandi. Esimda, ikkimiz qariyb 2 soat davomida samimiy va do‘stona suhbatlashgandik. Umuman, Flik yaxshi inson va uning uchun hammasi ko‘ngildagidek kechayotganidan xursandman.
– Qiziq, jamoada ro‘y bergan muammolar haqida nega aynan hozir gapirishga qaror qildingiz?
– Chunki ko‘pchilik bilmaydigan bir qator jihatlar bor. Eng muhimi esa, haqiqatni aytish istagi, baribir. Ha, ishdan ketayotganimda, «Barsa»ga hurmat nuqtai nazaridan hech qanday bayonot bermadim. Qariyb 1,5 yil davomida intervyu yuzasidan barcha murojaat va iltimoslarni rad etib, sukut saqladim. Bu klubni naqadar yaxshi ko‘rishimni hamma biladi. Qolaversa, yaqinlarim ham «blaugrana»ning ashaddiy muxlislari. Shunday ekan, «Barselona»ga nisbatan his-tuyg‘ularimga shubha bilan qarash mutlaqo noo‘rin. Deylik, jamoa boshqaruvini qo‘lga olish uchun o‘z hisobimdan tovon puli to‘laganimni ko‘pchilik bilmaydi ham. «Barsa»dan ketish chog‘i esa 11 million yevrodan shunchaki, voz kechdim. Biroq vaqt o‘tgan sari ko‘plab nohaq va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan gaplarga duch keldim. Shu asnoda barchasini ochiq-oydin tushuntirish vaqti kelganini tushundim. Zotan, hozirgi rahbariyat ommaga mutlaqo yolg‘on ma’lumotlarni bermoqda…
– Jamoaning yosh yulduzlari bilan hozir ham gaplashib turasizmi?
– Albatta. Haligacha yaxshi munosabatdamiz. «Barselona» kiyinish xonasida barchani oilam a’zolaridek ko‘rardim. Oddiy aytganda, jamoada ichki muhit a’lo darajada edi.
– Bu yigitlarga murabbiylik qilmayotganingiz qandaydir afsus yoki alam hissini uyg‘otmayaptimi?
– Yo‘q, aksincha, ular uchun chinakamiga xursandman. O‘sha payt Rafinya, Andreas Kristensen, Robert Levandovski va Jyul Kunde bilan shartnoma tuzdik. Bu futbolchilar keyinchalik «Barsa» uchun naqadar to‘g‘ri tanlov bo‘lishganini isbotlashga tushishdi. Akademiyadan chiqqan Fermin va Lamin esa alohida mavzu. Ularni ayni ishonchga ehtiyoj sezgan pallada qo‘llab-quvvatlaganim va bugun dunyoning eng yaxshilari qatorida e’tirof etilishlariga hissa qo‘shganimdan faxrlanaman.
– Umuman, siz ishlagan payt klubning asosiy muammosi nima edi?
– Barcha muammolar asosan boshqaruv tizimiga bog‘liq noto‘g‘ri siyosat tufayli yuzaga kelgandi. Masalan, 2023 yili Serxio Buskets jamoadan ketgach, rahbariyatdan Martin Subimendini sotib olishni so‘radim, ammo moliyaviy muammolar ro‘kach qilindi. Keyinroq Xordi Kroyff ham faoliyatini boshqa klubda davom ettirishni lozim topdi, sport direktori Mateu Alemani lavozimidan ozod etildi. Xullas, yaxshi ishlab turgan mexanizmning ayrim detallari olib tashlandi. Aslida men ham o‘sha pallada jamoadan ketsam, eng to‘g‘ri qadam bo‘lardi. Afsus, buni kech anglab yetdim.
– Lekin klub prezidenti Joan Laporta bilan munosabatingiz yaxshi edi-ku…
– Ha, faqat boshida. Tan olaman, aynan Laporta sharofati bilan «Barsa»dek katta jamoani boshqarish baxtiga erishdim. U meni Qatardan, «Al-Sadd»dan tezkor ravishda chaqirib oldi. Biroq Laportaga ishonib, yangi ishga kirishganim amalda murabbiylik faoliyatimdagi eng katta xatolarimdan biri bo‘ldi.
– Nima uchun bunday keskin fikr bildiryapsiz?
– Gap shundaki, Laporta meni aytarli sababsiz ishdan bo‘shatdi, asl haqiqatni aytmadi. O‘ylashimcha, yakuniy qarorni Joan emas, balki klubda katta ta’sir kuchiga ega Alexandro Echevaria qabul qilgan. Bilasizmi, u «Barsa»da klub prezidentidan ham kattaroq shaxs hisoblanadi. Achchiq haqiqat shuki, Laporta «katta»lar oldida meni yetarlicha himoya qilolmadi va ularning buyruqlariga so‘zsiz bo‘ysinib, hurmatimni yo‘qotdi.
– Xo‘sh, «Barselona»da sizga nisbatan bo‘lgan eng og‘ir adolatsizlikni ayta olasizmi?
– Eng alam qilgani – rahbariyat menga qarshi noto‘g‘ri axborot kampaniyasini tashkil etdi. Aniqroq bayon qilsam, aynan Echevaria janoblari jamoaning ichki muhitiga ta’sir ko‘rsatish maqsadida Serxio Roberto, Arauxo, Pedri va Rafinyani oldiga chaqirib, ularni transferga qo‘yishni so‘raganimni aytgan. Yolg‘onchilikning oliy namunasi. Vaholanki, o‘sha vaqt moliyaviy cheklovlar tufayli faqat 1ta ehtimoliy transferni muhokama qilganmiz. Ishoning, Roberto bir kuni yonimga kelib, dabdurustdan so‘radi: «Xavi, chindan ham, «Barselona»da o‘ynashimga qarshimisan?» Tabiiyki, bunday kutilmagan savoldan esankirab qoldim va aksincha, shartnomasi muddatini uzaytirishni so‘rayotganim uchun tanqidga uchrayotganimni aytdim. Roberto shundan keyin Echevaria futbolchilar orasida bo‘lmag‘ur gaplar tarqatib yurgani haqida ogohlantirdi.
– Nima, bu vaziyatda yigitlarni ishontirolmadingizmi?
– Futbolchilar bilan har doim ochiqchasiga gaplashganman. Deylik, yillar davomida maydonni baham ko‘rgan qadrdonlarim – Pike va Albaga ular uchun klubdan ketish vaqti kelganini ochiq aytganman. Lekin Echevariakiyinish xonasidagi vaziyatni izdan chiqarishning turli choralarini o‘ylab topishdan charchamadi. U bugungacha men haqimda xayoliga nima kelsa, shuni gapiryapti. Ajabmas, bugungi suhbatdan so‘ng og‘zi yopilsa…
– Qiziq, Echevaria ishingizdan qoniqmayotganini biror marta o‘zingizga aytmaganmi?
– Esimda,yangi mavsum oldidan rejalarni belgilab olish uchun yig‘ilganimizda, u to‘satdan jamoaning jismoniy tayyorgarligi falokat yoqasida ekanligini aytib, sport direktori Deku tomonidan tanlab olingan fitness-murabbiylar Raul Martines va Xulio Tusga qarata baqira boshladi. Shunda gapini bo‘lib, undan aslida qaysi lavozimda ishlashini so‘radim hamda 2003 yildan buyon «Barselona»ning biror tarkibi chempion jamoamizdan ko‘proq yugurmaganini ko‘rsatuvchi ma’lumotlarni keltirdim, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha hech qanday muammoga uchramaganimizni faktlar bilan isbotlab berdim. Xullas, Echevaria asossiz gaplari uchun hamma oldida izza bo‘ldi. O‘ylashimcha, u aynan shu voqeadan so‘ng meni yo‘qotishga qattiq bel bog‘lagan. Echevariyaga bu borada kim yaqindan ko‘maklashganini ham bilaman – Raul Martines.
– Lionel Messining «Barselona»ga qaytishi ehtimoli haqidagi gap-so‘zlar fonida nimalar yuz bergandi?
– Laporta bu masalada ham asl haqiqatni aytishga jazm etolmadi va barchasini turli uydirmalar bilan yashirishga urindi. Aslida Leoning o‘zi qaytishga tayyor turgandi. Biz 2023 yil boshida aloqaga chiqdik va Messi taklifni yaxshi qabul qildi. Chamasi 3 oy davom etgan muzokara jarayoni ijobiy yakun topish arafasida edi. Biroq yakunda Laporta agar Messi klubga qaytsa, ichki muhitda muammolar yuzaga kelishini aytib, transfer harakatini to‘xtatib qo‘ydi. Shu-shu Leo ham men bilan gaplashishdan bosh tortdi. Chunki barchasida meni aybdordek ko‘rdi…
– Leo bilan hozirgi munosabatingiz qanday?
– Xayriyat, u keyinchalik aslida nima bo‘lganini tushundi va barchasi joyiga tushdi. Ammo Messiga bor haqiqatni yotig‘i bilan yetkazishda ancha qiynalganim rost.
– Agar «Barselona»ga qaytish imkoni tug‘ilsa, qanday yo‘l tutasiz?
– Yo‘q, endi hech qachon «Barsa»ga qaytmayman. Klubdagi hikoyam allaqachon tugadi – ham futbolchi, ham murabbiy sifatida. Eng yomoni, Kataloniyada ayrimlar sizni «Falonchi «Barsa»ga qarshi» gapiga ishontirishadi. Bugungi tizim shunday ishlaydi. Aslida Joan Laportaga qarshi emasman, shunchaki, «Barselona» tarafdoriman. Shu ma’noda hozir jamoaga sog‘lom fikrlaydigan odamlar kerak. Negaki, klub 20 yil davomida qandaydir «atamalar» bosimida qoldi: kruifizm, laportizm, sandroizm, nunizm… Vaholanki, boshqaruvda hech kim o‘z vakolatini suiste’mol qilmasligi va hamma «Barselona»ning bir qismi bo‘lishi kerak. Bor gap shu.
X.YUSUPOV tayyorladi