O‘zbekiston Superligasining 5-turidan o‘rin olgan uchrashuvda «Navbahor» Toshkentdagi "Olimpiya" stadionida «Mash’al»ni qabul qildi. Qiziqarli va kurashlarga boy o‘tgan bahsda namanganliklar 2:1 hisobida ustun keldi.
O‘yin boshlanishi bilan tashabbus mezbonlar tomonida bo‘ldi. «Navbahor» to‘p nazorati va hujumlarda faollik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, dastlabki daqiqalarda vaziyatlarni golga aylantirishda qiynaldi. 15-daqiqada mehmonlar gol urgan edi, ammo u ofsayd sababli inobatga olinmadi.
23-daqiqada Umar Adhamzodaning xavfli zarbasi darvoza to‘sini ustidan o‘tib ketdi. 35-daqiqada esa Saidazamat Mirsaidov qulay imkoniyatdan foydalana olmadi.
Nihoyat, 37-daqiqada hisob ochildi — Muhammadali Usmonovning qanotdan yo‘llagan uzatmasini Diyor Xolmatov aniq zarba bilan darvozaga joyladi. Oradan besh daqiqa o‘tib, «Navbahor» ustunligini mustahkamladi: Adhamzodaning uzatmasini Usmonovning o‘zi golga aylantirib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Ikkinchi bo‘limda «Mash’al» faolroq harakat qila boshladi va 60-daqiqada Vlatko Stoyanovski hisobni qisqartirdi — 2:1. Shu goldan so‘ng o‘yinda intriga yana qaytdi.
«Navbahor» esa javob hujumlarini davom ettirdi. 70-daqiqada Aleks Fernandes va Ruslanbek Jiyanov qulay vaziyatda bir-birini tushuna olmay, yana bir yaxshi imkoniyatni qo‘ldan chiqarishdi. Qolgan daqiqalarda mezbonlar bir qator xavfli hujumlar uyushtirdi, biroq hisob o‘zgarmadi.
Uchrashuv so‘nggi daqiqalarida «Mash’al» bosimni oshirishga urindi, ammo «Navbahor» himoyasi ishonchli harakat qildi. Natijada, namanganliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, muhim 3 ochkoga ega bo‘lishdi.
Superliga - 2026. 5-tur
«Navbahor» - «Mash’al» - 2:1 (2:0)
Gollar: Diyor Xolmatov (37), Muhammadali Usmonov (42) - Vlatko Stoyanovski (60).