Professional tennischilar uyushmasi (ATP) turkumiga kiruvchi 101 ta turnir g‘olibi, serbiyalik Novak Jokovich o‘z faoliyatini 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng yakunlamoqchi.
“Men faoliyatimni 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlarida qo‘limda Serbiya bayrog‘ini tutgan holda yakunlashni istardim, bu ajoyib bo‘lar edi. Lekin bu qanday amalga oshishini rostini aytsam, bilmayman, chunki ba’zi narsalar mening nazoratimda emas. Ammo men jismoniy va ruhiy salomatligimni saqlashga harakat qilaman”, deydi Jokovich.
Jokovich erkaklar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida amaldagi Olimpiya o‘yinlari chempioni hisoblanadi. 2024 yilgi Parij Olimpiadasi finalida u ispaniyalik Karlos Alkarasni 7:6, 7:6 hisobida mag‘lub etgan edi.
Serbiyalik tennischi 38 yoshda bo‘lib, ayni damda ATP reytingida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. “Jokernol” tashkilot shafeligidagi yakkalik bahslarida 101 ta titulni qo‘lga kiritgan, jumladan, “Katta dubulg‘a” turnirlarida 24 bor zafar quchgan – bu erkaklar o‘rtasidagi yakkalik bahslari uchun rekord natijadir.
2024 yilgi Olimpiya o‘yinlaridagi g‘alabasidan tashqari, sportchi 2008 yilgi Pekin Olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritgan, shuningdek, Devis Kubogi (2010) sohibi hisoblanadi. Serbiyalik tennischi jahonning birinchi raketkasi sifatida eng ko‘p haftani (428 hafta) o‘tkazish bo‘yicha mutlaq rekordchi hisoblanadi.