O‘zbekistonlik professional bokschi Shohjahon Ergashev Shahram G‘iyosovning jangiga munosabat bildirdi.
“Shahramning jangini ko‘rdim, yaxshi jang bo‘ldi. 63,5 kg vaznda bemalol natija qilsam bo‘lar ekan. Ularning vazni mendan bitta baland. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Mening Subriel Matias bilan chempionlik jangimni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Agar jarohatim bo‘lmaganida g‘alaba qozongan bo‘lardim. Jarohatlarimning suratini ko‘rsatgandim, yettita joyimda pichoq izlari bor edi. Hatto Matias bilan Jervonta Devis ham jang qilmadi. Chunki u yaxshi sportchi, bunga 2 yil bo‘ldi. Oyoqlarim ham sekin-asta tiklanyapti. O‘ylaymanki, 63,5 kg, hatto 66,5 kg vaznda ham imkoniyatim bor. Motivasiya — "bomba". Men har doim ringga chiqqanimda o‘zimga ishonganman. Jang qilmasam bo‘lmaydi, yaxshi formadaman. Meni qo‘llab-quvvatlaganlarning ishonchini oqlayman, eng asosiysi hali zarbalarim bor. Qattiq ishlayman, oldindagi jangimda g‘alaba qozonsam, katta maqsadlarga tayyor bo‘laman”, dedi Ergashev Instagram sahifasida.
Professional boksning super yengil vazn toifasida IBF kamariga sobiq da’vogar bo‘lgan Shohjahon Ergashev 6 iyun kuni “Humo Arena”da o‘tkaziladigan aralash yakkakurashlar bo‘yicha xalqaro turnirnig markaziy jangida qozog‘istonlik Botir Jukembayev bilan to‘qnash keladi. Ergashev professional boksda 28 ta jang o‘tkazib, 26 ta g‘alaba qayd etgan, Ikkita jangda imkoniyatni boy bergan. 23 marta raqiblarini muddatidan avval mag‘lub etgan. Jukembayev esa 24 ta g‘alaba va bitta mag‘lubiyat qayd etgan. 17 ta jangda raqiblarini nokautga uchratgan.
Shohjahon Ergashev 2023 yilning 25 noyabr kuni 63,5 kg vazn toifasida IBF chempionlik kamari uchun o‘tkazilgan jangda puerto-rikolik Subriel Matiasga qarshi ringga ko‘tarilgan va 5-raunddan so‘ng jangni davom ettira olmagan.
Shahram G‘iyosov esa 24 may kuni o‘zi singari chempionlik uchun da’vogar bo‘lgan Jek Katteralga qarshi ringga ko‘tarildi. WBA Regular kamari uchun kechgan bahs to‘liq davom etdi va unda Shahram 118-109, 119-108, 116-111 hisobida imkoniyatni boy berdi. U birinchi raundda nokdaun holatiga ham tushib qoldi.
Katteral jami 551 ta zarbadan 219 tasini (40 foiz) aniq yo‘llagan bo‘lsa, G‘iyosov 366 ta zarbadan atigi 78 tasini (21 foiz) raqibga tegdi. Kuchli zarbalar bo‘yicha ham Katteral katta ustunlikka ega bo‘ldi — 98 ga 55.
Shu tariqa, Shahram G‘iyosov professional boksdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Uning hisobida, shuningdek, 17 g‘alaba (10 nokaut) mavjud bo‘lib, so‘nggi bor 2025 yil aprel oyida Franko Okamponi to‘rtinchi raundda nokautga uchratgan edi.
Bugungi jangga qadar o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi WBA reytingida birinchi o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, Katteral oltinchi pog‘onada borayotgan edi. Ushbu yo‘nalish chempioni esa amerikalik Rolando Romero hisoblanadi.
32 yoshli Katteral (33 g‘alaba, 2 mag‘lubiyat, 14 nokaut) prof boksdagi 33 g‘alabasiga erishdi. U o‘zining so‘nggi jangini 2025 yil noyabr oyida o‘tkazib, Ekov Essuman ustidan ishonchli g‘alabaga erishgan edi. Angliyalik bokschi WBO reytingida 1-o‘rinda joylashgan. G‘iyosov esa 11-pog‘onada qayd etilgan. Yo‘nalish chempioni — Devin Xeyni.